Agar AQSh Adliya vazirligining bosh kompaniyadan ajralib chiqish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsa, “Google” “Chrome” brauzerini $20 mlrdga sotishi mumkin. Bu haqda “Digital Information World” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qaror eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga nisbatan tarixiy bosim chorasi bo‘lishi mumkin.

Avvalroq “Bloomberg” AQSH Adliya vazirligi sud orqali “Google"ni “Chrome” brauzerini sotishga majburlamoqchi ekani haqida xabar bergan edi.

Bundan tashqari, agentlik qidiruv natijalarida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan javoblar uchun boshqa kontentdan foydalanishni cheklash, shuningdek, Android operatsion tizimini boshqa “Google” xizmatlaridan, jumladan, “Google Play” ilovalar do‘konidan ajratishni taklif qildi.

Avgust oyida Vashingtondagi okrug sudi “Google” qidiruv tizimlari bozorida qurilma ishlab chiqaruvchilari va veb-brauzerlar bilan o‘zlarining mahsulotlarida o‘z qidiruv tizimidan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar orqali monopoliyani o‘rnatish orqali monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgan deb topdi.

Sud bunday “milliardlab” bitimlar boshqa internet qidiruv tizimlari uchun raqobatni qiyinlashtiradi, deb hisobladi.

Avgust oyi o‘rtalarida Adliya vazirligi texnologik gigantni bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan edi.

Eng ko‘p muhokama qilingan variantlar orasida Android operatsion tizimi, “AdWords” va “Chrome” sotuvi bor edi.

Biroq “Google"ning o‘zi taklif qilingan bo‘linish haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. O‘sha paytda yangi monopoliyaga qarshi holat qayd etilmagan.

Ushbu qaror “Meta”, “Amazon” va “Apple” kabi boshqa yirik texnologiya kompaniyalari uchun ham namuna bo‘lishi mumkin.

Masalan, Yevropa Komissiyasining yaqinda yuz bergan ishi va qaroridan so‘ng “Apple” uchinchi kompaniyalarga kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish va o‘rnatilgan ilovalarni o‘chirishga ruxsat berishga majbur bo‘ldi.

“Google"ning ta’kidlashicha, bunday natija bozorga zarar yetkazishi, narxlarning oshishi va innovatsiyalarni sekinlashtirishi mumkin. Kompaniya, shuningdek, “Meta” kabi raqobatchilarga ishora qiladi va reklama beruvchilarning ko‘plab muqobil variantlari borligini aytadi.

AQSh Adliya vazirligi “YouTube” bosh direktorini so‘roq qilishni va kompaniyaning reklama bo‘limining sobiq va amaldagi rahbarlarining ko‘rsatmalarini tinglashni rejalashtirmoqda.

Agar Adliya vazirligi muvaffaqiyatli bo‘lsa, “Google” nafaqat o‘z biznesining bo‘linishi, balki tovon talab qiladigan reklama beruvchilarning sud jarayonlari to‘lqiniga duch kelishi mumkin.

“Bernstein” tahlilchilari “Google"ning umumiy moliyaviy yo‘qotishlari $100 mlrdgacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Bu so‘nggi ikki oy ichida “Google"ga qarshi qo‘zg‘atilgan ikkinchi monopoliyaga qarshi ishdir. Avgust oyida sud kompaniyaning internet qidiruv bozoridagi monopoliyasini noqonuniy saqlab qolganligi haqida qaror chiqargan. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yirik monopoliyaga qarshi qaror edi.


Avvalroq “Spot” AQSh sudi “Google"ga ilovalarni uchinchi tomon do‘konlaridan yuklab olishga ruxsat berishni buyurgani haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniyaga ishlab chiquvchilarni Google Play orqali to‘lovlarni amalga oshirishga majburlash taqiqlanadi.