O‘zbekistonda to‘lov terminallari uchun MCC-kodlari joriy etilmoqda. Markaziy bank bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqladi.
MCC-kodi 4ta raqamdan iborat bo‘lib, savdo nuqtalarini sotiladigan tovarlar yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari bo‘yicha tasniflashda foydalaniladi. Shuningdek, kod karta orqali to‘lov ma’lumotlarini uzatishda ishlatiladi.
Banklar MCC-kodi orqali to‘lov amalga oshirilgan xaridlar toifasini aniqlaydi — bu ma’lumotlar, masalan, keshbek dasturlarida foydalaniladi. Kodlar Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan belgilanadi va asosan “MasterCard”, “Visa” hamda “American Express” kabi xalqaro to‘lov tizimlari tomonidan qo‘llaniladi.
Banklar to‘lov terminalini texnik jihatdan mijozga biriktirishda uning faoliyat turidan kelib chiqib MCC-kodini belgilaydi. Shuningdek, terminal va to‘lov turi, mijozning identifikatsiya ma’lumotlari va to‘lov tizimi operatori qoidalarida belgilangan tegishli ma’lumotlar bank axborot bazasiga kiritiladi.
Mijozning faoliyat turi va tegishli ma’lumotlari o‘zgartirilganda u 3 ish kuni ichida xizmat ko‘rsatuvchi bankni xabardor qilishi kerak. Banklar esa bir ish kuni ichida biriktirilgan terminal ma’lumotlariga o‘zgartirishlar kiritadi.
Oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga “Alipay”, “Apple Pay”, “Google Pay”, “Paypal”, “UniPay” xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi.
Avvalroq “TBC Bank Uzbekistan” to‘lov operatsiyalarini qayta ishlash bo‘yicha o‘z protsessing markazini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.