Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan “Yo‘ldosh” (“Sputnik”) massivida renovatsiya dasturi boshlandi. Bu haqda “Tashkent Invest” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha “GC Group Industries” tomonidan 24 gektar maydonda amalga oshiriladi. Bunda hududdagi yashash uchun yaroqsiz 409ta ikki qavatli yog‘och uylarni yangilash rejalashtirilgan.

Majmua hududida 13 392ta xonadonga mo‘ljallangan 93ta 16 qavatli uy quriladi. Infratuzilmaga 1 600 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab, 600 o‘rinli bolalar bog‘chasi va sun’iy ko‘l kiradi.

Uylarning birinchi qavatlari yashash uchun mo‘ljallanmagan bo‘lib, maishiy xizmat ko‘rsatish zonalari hamda yer usti va yer osti avtoturargohlar joylashtiriladi. Loyihani 2027-yilgacha amalga oshirish belgilangan.

Eski uylar aholisi uchun “Gulshanobod” mahallasida “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi barpo etiladi. Hozirda shartnomalar tuzish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Renovatsiya

Fevral oyi oxirida hokim Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, bu yerda uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qilgandi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi tegishli qarorni imzoladi.

Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari poytaxt hokimligi qarorini tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.