Surxondaryo viloyatida 2,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan metan “zapravka” aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Y.ADJD.” xususiy korxonasiga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida kompleks o‘lchov quvuriga o‘rnatilgan toraytirish moslamasi davlat standart talablariga mos kelmasligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 2 mlrd 197 mln so‘mlik (845,1 mln metr kub tabiiy gaz) zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” Sirdaryoda 5 mlrd 25 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, ishlab chiqarish sexida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagich priborlaridan tashqari yashirincha ulanib olgani aniqlangan.