Energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Xususan, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “K.I.” MChJ rahbari R.I. paxtani qayta ishlash sexini tarmoqqa noqonuniy ravishda ulab olgan.

Buning natijasida jami 7,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlanganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.


Avvalroq “Spot” Farg‘onada 428 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Oltiariq tumanidagi fermer xo‘jaligi mas’ullari elektr qurilmalarini shartnoma rasmiylashtirmasdan elektr tarmog‘iga ulaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Jizzaxda 3,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.

Xususan, fermer xo‘jaligi shartnomasiz elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olganliklari aniqlangan.