Yil boshidan buyon O‘zbekistonda “Yandex” kompaniyasidan soliq tushumlari qariyb $10 mlnni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
25-noyabr kuni qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev “Yandex"ning global bosh direktori Daniil Shuleyko bilan uchrashdi. Tomonlar taksi agregatorlari orqali yo‘lovchi tashish sohasidagi fiskalizatsiya bo‘yicha fikr almashdi.
Soliq ma’murchiligida shaffof mexanizmlar kutilayotgan tushum ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirgani qayd etildi.
Xususan, yillik soliq tushumlari miqdori 100 mlrd so‘mni tashkil etishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 10 oyning o‘zida budjetga 125 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $9,75 mln) tushum ta’minlandi.
Bunga ishlarning kompaniya bilan hamkorlikda amalga oshirilishi hamda yo‘lovchi tashish sohasida soliqqa tortish tizimining shaffofligi orqali erishilgani ta’kidlandi.
Kompaniya bilan xizmat ko‘rsatish sohasida shaffoflikni ta’minlash orqali faoliyat turlarini legallashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
2023-yilning dekabrida “Yandex Go” O‘zbekiston hududida mahalliylashtirishni yakunlab, soliq rezidenti maqomini oldi. Shu bilan birga, ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berishni ishga tushirdi.
Olti kun ichida kompaniya xizmatida 800 mingdan ortiq chek chiqarildi. Ular bo‘yicha to‘lovlarning umumiy miqdori 13,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Raqobat qo‘mitasi “Yandex Go” taksi xizmatini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topdi. Ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi — 86,3%i kompaniyaga to‘g‘ri kelgan.
Joriy yilning fevral oyiga kelib, “Yandex Go” naqd puldagi to‘lovlar uchun fiskal chek berishni boshladi.