Germaniyaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari foyda sezilarli darajada pasayganini ma’lum qilishdi. Bu haqda “ixbt” nashri xabar berdi.

Shu sababli, kompaniyalar zavodlarni yopish va xodimlarni ishdan bo‘shatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Volkswagen” uchinchi chorakda daromadining 64% ga pasayishini e’lon qildi, bu esa 1,58 mlrd yevro darajaga tushib ketdi.

Kompaniya Xitoydagi savdo hajmining pasayishi va restrukturizatsiya xarajatlarini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Uchta yevropa zavodining yopilishi va o‘n minglab ish o‘rinlari qisqarishi kutilmoqda.

“Raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun sa’y-harakatlarimizni faollashtirishimiz kerak. Bu yerda har qanday kechikish mas’uliyatsizlik bo‘ladi,” — dedi “VW Group” moliyaviy direktori Arno Antlits.

“Audi” daromadi esa 91%ga qisqarib, 106 mln yevro darajaga tushib qoldi. Savdo hajmi Yevropa, AQSh va Xitoy bozorlarida keskin pasaygan. Bryusseldagi zavod yopilishi kutilmoqda, bu 3000 ishchiga ta’sir qilishi mumkin.

“BMW” daromadida 84% ga, “Mercedes-Benz” esa sof foydasida 54%ga pasayish kuzatildi. Ushbu kompaniyalar ham ishlab chiqarishni optimallashtirish choralarini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq “BMW” AQShda 720 mingdan ortiq avtomobilini, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab 140 mingdan ortiq elektromobillarini chaqirib olishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq “Spot” “General Motors” yana 1000 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qisqartirish kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab, asosan AQShdagi xodimlariga ta’sir qiladi.