Bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi saytlar bloklanmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi veb-saytlar yuzasidan o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.

Reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bilan ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash choralari ko‘rilmoqda.

Natijada shunday 42ta saytni bloklash bo‘yicha agentlikka takliflar kiritilib, uning 30ga yaqini belgilangan tartibda bloklandi.

Qo‘mita shuningdek, bu yo‘nalishdagi monitoring ishlari tizimli davom ettirilayotganini qayd etdi.

Sentabr oyida qo‘mita Toshkentdagi tashqi reklama konstruksiyalarida bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilganini aniqlagandi.

2025-yildan O‘zbekistonda qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi. Kompaniyalar buning uchun besh yil davomida 4%lik aylanma soliq to‘lashadi, fuqarolar yutuqlari esa daromad solig‘iga tortilmaydi.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanmadan olinadigan soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.