Qozog‘iston 2024-yil oxirigacha Rossiya donini O‘zbekiston va Xitoyga reeksport qilishni vaqtincha chekladi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenovning Qozog‘iston Majlisi saytida berilgan javobida aytiladi.

Qaror ichki bozorni himoya qilish maqsadida ilgari joriy etilgan uchinchi davlatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlaridan bug‘doy importiga taqiq bilan bog‘liq. Taqiq Rossiya donining Qozog‘iston orqali tranzitini qiyinlashtirdi.

Qozog‘iston bosh vazirining bayonotiga ko‘ra, YeOII mamlakatlarining tranzit yuk tashishlari uchun unifikatsiya qilingan tariflar darajasi oshgan.

Uning qayd etishicha, Masalan, Rossiya donini Qozog‘iston orqali Qirg‘izistonga tashish narxi ikki baravar oshdi.

Ushbu cheklovlar sharoitida Qozog‘iston muqobil logistika yo‘nalishlarini rivojlantirmoqda. Bunday yechimlardan biri Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi bo‘lib, u orqali tashish hajmi yanvar-avgust oylarida o‘tgan yilga nisbatan 69%ga oshdi.

Shuningdek, eksport hajmini ko‘paytirish va transport qulayligini yaxshilash maqsadida Turkmaniston, Eron va boshqa mamlakatlar bilan kelishuvlar imzolandi.

Oktabr oyida Rossiya Qishloq xo‘jaligi nazorati Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, bug‘doy, pomidor va gullarni yetkazib berishni chekladi.

Ushbu choralar fitosanitariya me’yorlarining buzilishi va mahsulotlarda karantin obyektlari aniqlangani bilan izohlangan.

Idora, shuningdek, fitosanitariya sertifikatlarida amalda faoliyat yuritmaydigan kompaniyalarning rekvizitlari ko‘rsatilgan noqonuniy yetkazib berish sxemalari aniqlangani haqida xabar berdi.

Tomonlar tranzit va o‘zaro cheklovlar masalalarini hal etish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.