Latviyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlar uchun omborlar tashkil etiladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq uyushma raisi etib tayinlangan Akbar Sultanov mamlakatning Latviyadagi konsuli va O‘zbekiston-Latviya savdo palatasi boshqaruvi a’zosi Vladimir Galperin bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Galperin mazkur mahsulotlarga talabning ortib borayotganini va bu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
2025-yil boshida Latviyaning Riga va Liyepaya shaharlarida ikkita yirik omborxona faoliyatini boshlaydi. Har bir omborning maydoni — 2 ming kv.metr.
Bunda, O‘zbekiston kompaniyalari ulardan to‘lovlarsiz foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Uchrashuvda mamlakat mahsulotlarini mazkur omborlarda saqlash va jo‘natish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Latviyaga jelatin eksporti bo‘yicha hamkorlik istiqbollari o‘rganildi. Yakunda esa tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Rigadagi O‘zbekiston konsulligi 2023-yilning oktabr oyida ochilgandi. Konsullik mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
May oyida 2024-yilda mamlakatning Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasteri tashkil etilishi ma’lum qilingandi.