26-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan o‘n oyda viloyatda 681ta loyiha bajarilib, 21 mingta ish o‘rni yaratilgan. 21 trln so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, $702 mlnlik eksport qilingan. Yil yakunigacha viloyat iqtisodiyoti 8% o‘sishi kutilmoqda.

Viloyatda $527 mlnlik 182ta yangi loyiha imkoniyati aniqlangan. Masalan, Namangan shahri “Barkamol avlod” mahallasidagi kichik sanoat zonasi kengaytirish orqali $60 mlnlik charm-poyabzal loyihasini joylashtirish mumkin. Mingbuloqdagi “Namangan” massivida shunday zona tashkil qilinsa, $25 mlnlik sanoat loyihalariga sharoit yaratiladi.

Poplik tadbirkor AQShlik hamkorlar bilan $80 mln sarmoya kiritib, yiliga 1,8 mln tonna flyuorit toshini qayta ishlash taklifini bergan. Natijada 200ta ish o‘rni, $70 mln eksport imkoniyati paydo bo‘ladi. Yana bir korxona $40 mln investitsiya kiritib, 5 ming gektarda dorivor o‘simlik yetishtirish, qandolat ishlab chiqarish va turizm maskani tashkil etishni taklif qilgan.

Bu tumandagi sizot suvi yaqin yerlarda sholi, g‘alla, dorivor va ozuqabop ekinlar, Norin tumanidagi meliorativ tik quduqlar atrofida baliq yetishtirish mumkin. Chorkesar, Zarkent va Isparon hududlarida sug‘orish yaxshilanib, chorvadorlarga yer ajratilsa, 100 ming bosh qoramol va echki boqish imkoni bor.

Yangiqo‘rg‘onda Qishloq xo‘jaligi texnikumi tashkil etilib, kartoshkachilik markazi bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishi ham malakali mutaxassislar, ham asosiy oziq mahsuloti tayyorlashga xizmat qiladi. Asalarichilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya orqali xonadonlarda asalari boqib, ularni qo‘shimcha daromadli qilish mumkin.

Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

charm-poyabzal, flyuorit, investitsiya, ishlab chiqarish, namangan, prezident, qandolatchilik

Xususan, 2025-yilda viloyatga $4,2 mlrd investitsiya olib kelish, 34 ming ish o‘rni yaratish va $1 mlrd eksport qilish mo‘ljallangan.

Joriy yil yakunida kambag‘allik darajasini 8%dan ham pasaytirish rejlashtirilgan. 2025-yilda 78 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarib, bu ko‘rsatkichni 5,3%ga tushirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xorijda ishlayotgan 100 mingga yaqin kishini mamlakatda ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, viloyat iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga ko‘rsatma berdi. Investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, loyihalari uchun sharoit yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb etib, bandlikni ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.