Amerikaning “Nvidia” kompaniyasi sun’iy intellekt yordamida musiqa va tovushlarni yaratish bo‘yicha “Fugatto” modelini taqdim etdi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Model matn va audio ma’lumotlar yordamida musiqa, ovozlar va tovushlarning istalgan kombinatsiyasini yarata oladi.

Model, shuningdek, belgilangan urg‘u va hissiy bo‘yoq bilan inson ovozlarini yaratadi. Foydalanuvchi qaysi jumlani talaffuz qilish kerakligini ko‘rsatishi kerak.

“Fugatto” audio yozuvlarni tahrirlash uchun ishlatilishi mumkin, masalan, vokalni musiqadan ajratish yoki trekka baraban ovozini qo‘shish uchun.

Bundan tashqari model bir asbobning tovushini boshqasiga, masalan, fortepiano partiyasini opera qo‘shiqchisining ariyasiga aylantirishi mumkin.

“Nvidia” “Fugatto"dan turli uslublar va vositalar bilan tajriba o‘tkazib, tezda “qo‘shiq prototipi” yaratish, kompyuter o‘yinlaridagi ovozlar yoki turli hududlar uchun reklama kampaniyalarida aktyorlarning aksentini o‘zgartirish uchun foydalanishni taklif qiladi.

Biroq kompaniya dasturning qachon ochiq foydalanishga chiqarilishini ma’lum qilmadi.


Avvalroq “Spot” “Google” musiqa yozuvchi sun’iy intellektni taqdim etgani haqida yozgandi.

Sun’iy intellekt modeli mashhur san’atkorlarning uslubiga taqlid qiluvchi yuqori sifatli vokal, qo‘shiq matni va musiqalarni yaratishi mumkin.