Avvalroq Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan “Yo‘ldosh” (eski “Sputnik”) massivida renovatsiya dasturi amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

“Tashkent Invest” kompaniyasi mazkur hududni renovatsiya qilish loyihasi to‘g‘risida axborot ma’lumotnomasini taqdim etdi.

Hududda 1966-yilning yozida yashay boshlagan aholi uchun uy-joy masalasining vaqtinchalik yechimi sifatida 400dan ortiq ikki qavatli yog‘och uylar qurilgan. Hozirda ular ma’nan eskirgan va har bir kishiga 16 kv.metrdan kamroqdan to‘g‘ri keluvchi xonadonlar maydoni hamda maishiy sharoitlarning mavjud emasligi talablarga javob bermaydi.

“Aksariyat uylarning yog‘och qurilish konstruksiyalari va muhandislik tarmoqlari yuqori darajada jismoniy eskirgan hamda energiya tejamkor emas va yong‘in xavfi yuqori. Bunday uylarda yashash aholi uchun noqulay va hatto xavflidir”, deyiladi xabarda.

“Yo‘ldosh” mavzesi hududidagi daraxt va yashil o‘simliklarni saqlab qolish maqsadida renovatsiyani boshqa joyda amalga oshirish belgilandi. O‘rganishlar natijasida dastur uchun mavzedan 1,5 km uzoqlikdagi “Gulshonobod” mahallasi tanlandi. Hudud barcha talablarga javob berishi hamda aholini ko‘chirish infratuzilma va mahalla o‘rtasidagi aloqani saqlab qolishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“Toshkent Invest” quruvchi kompaniya bilan birgalikda zamonaviy tuman loyihasi va konsepsiyasini ishlab chiqmoqda. U o‘z ichiga ijtimoiy, transport va kommunal infratuzilmani olib, xonadonlarning dastlabki va oxirgi pardozlashiga e’tibor qaratiladi.

Aholini yangi manzilga ko‘chirishda ularga teng qiymatga ega kvartiralar (masalan, eski uydagi 1 xonali uy o‘rniga yangi uydagi 1 xonali uy) beriladi. Muhtoj aholiga esa yangi uyga ko‘chib o‘tishda yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, aholi o‘z uy-joyini kengaytirish, qo‘shimcha haq evaziga qo‘shimcha xonalar sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi. 2025-yilning 1-choragida loyihaning ochiq jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, “Yo‘ldosh” mavzesida dendropark tashkil etiladi. Uning doirasida hududdagi mavjud daraxtlar saqlab qolinadi va davolanadi, shuningdek, yangi daraxt hamda butalar o‘tqaziladi.

“Ushbu loyihada mavjud huquqiy va me’yoriy mexanizmlardan foydalangan holda biz renovatsiya to‘g‘risidagi qonunning poydevorini va mexanizmini yaratmoqdamiz”, deyiladi xabarda.

Renovatsiya

Fevral oyi oxirida hokim Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, bu yerda uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qilgandi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi tegishli qarorni imzoladi.

Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari poytaxt hokimligi qarorini tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.