“TikTok” ijtimoiy tarmog‘i 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun yangi cheklovlarni joriy qilmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
O‘smirlarga tashqi ko‘rinishni o‘zgartiruvchi go‘zallik filtrlaridan foydalanish taqiqlanadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, taqiq yoshlar (ayniqsa, qizlar) filtrlar tufayli o‘z tashqi ko‘rinishiga tanqidiy munosabatda bo‘la boshlagani bilan bog‘liq.
Taqiq faqat lablarni kattalashtirish, silliqlash yoki teri rangini o‘zgartirish imkonini beruvchi “go‘zallik filtrlari"ga ta’sir qiladi. Cheklovlar komik effektli filtrlarga ta’sir qilmaydi.
Kompaniya, shuningdek, foydalanuvchilarning yoshini nazorat qilishni kuchaytirganini ma’lum qildi.
Yil oxirigacha “TikTok” 13 yoshdan kichik foydalanuvchilarning akkauntlarini bloklaydigan mashinaviy o‘qitish tizimlarini sinovdan o‘tkazishni boshlaydi.
Bu esa faqat Buyuk Britaniyaning o‘zida minglab akkauntlar o‘chirilishi mumkinligini anglatadi.
“TikTok” cheklov choralarini joriy etayotgan yagona platforma emas. Masalan, “Instagram” ota-onalarga bolalarning ushbu ijtimoiy tarmoqdagi faolligini nazorat qilish imkonini beruvchi “o‘smirlar akkauntlari"ni ishga tushirgandi.
Mutaxassislar o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ular yetarli emasligini ta’kidlaydi. “Molly Rose Foundation” ijrochi direktori Endi Berrouz (tashkilot o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bilan shug‘ullanadi) “TikTok"ni yosh qanday tekshirilishi va 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning platformada ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmi qanchalik samarali bo‘lishi borasida to‘liq shaffoflikka chaqirdi.
Avvalroq “Spot” “TikTok” 35 daqiqada qaramlikni keltirib chiqarishi haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.
Unga ko‘ra, foydalanuvchida qaramlik shakllanishi uchun o‘rtacha davomiyligi 8 soniya bo‘lgan jami 260ta video tomosha qilish yetarli hisoblanadi.