Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibida 6ta mustaqil korxona tashkil etildi. 1 200ta yangi yuk vagoni olinib, ichki yo‘nalishda yuk tashish vaqti ikki baravarga kamaytirildi.

Raqamlashtirish natijasida vagonga buyurtma berish 7 bosqichdan 3 bosqichga, bunga ketadigan vaqt 72 soatdan 12 soatga qisqardi. Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30%ga oshdi. Ilgari zarar bilan ishlagan kompaniya bu yil 30 mlrd so‘m foydaga chiqmoqda.

“Uzbekistan Airways” tizimida aviaqatnovlar 25% ko‘paydi. Mahalliy yo‘nalishlarda samolyotlar soni 8taga yetib, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshdi. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniya ulushi 20%ga yetdi. Yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi 6 mln nafardan oshishi kutilmoqda.

“Uzbekistan Airports” samolyotlar, yuk va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara berayapti. Dunyodagi 44ta aviakompaniya mamlakatga parvozlarni amalga oshiradi. Aeroportlar orqali yuk tashish hajmi ham bu yil 22%ga oshishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda vazifalar ko‘pligi, yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish jarayonlarini tezlashtirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish muhimligi qayd etildi.

Hozirgacha sohada 25 yil oldin qabul qilingan qonun bo‘yicha ish yuritib kelinardi. 26-noyabr kuni yangi tahrirda “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida"gi qonun imzolandi. Bu sohaga xususiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirishga yo‘l ochishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, soha rahbarlari ish uslubi va yondashuvlarini keskin o‘zgartirib, natijani ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun sohada transformatsiyani jadallashtirish, qurilish va modernizatsiya loyihalarini sifatli bajarish kerak. Xalqaro kredit reytingi olish, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish, investitsiyalarni samarali ishlatish ham muhim vazifalar qatorida.

O‘zbekiston havo yo‘llari hali aholini rozi qiladigan darajaga yetgani yo‘q. Xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikayapti. Natijada tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish yo‘qligi hamda xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi sustligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya bo‘yicha aniq dastur va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yil yakunigacha aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni 2 karra ko‘paytirish, daromadni 25% oshirish mo‘ljallangan. Xalqaro bozordan mustaqil resurs jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan to‘liq foydalanish choralari belgilandi.

Davlat rahbari mazkur uchta kompaniyada raqamlashtirishni jadallashtirish, rejalarni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy natijadorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq 2025-yildan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘mni tashkil etadi. Agar bir martalik to‘lov elektron amalga oshirilsa, 1 700 so‘m yechiladi.