Turkiya AQSH bilan sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Bu esa mamlakatga Rossiya gazi importi uchun hisob-kitob qilishda “Gazprombank"dan foydalanishni davom ettirishga imkon beradi.

Turkiya energetika vaziri Alparslan Bayraktarning so‘zlariga ko‘ra, bunday istisnolarning yo‘qligi Turkiya uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bayraktarning aytishicha, sanksiyalarni yengillashtirmaslik “Turkiya uchun juda katta oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

“Bloomberg” ta’kidlashicha, Rossiya Turkiyaning eng yirik gaz yetkazib beruvchisi hisoblanadi — tartibga soluvchi organ ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakat Turkiya gaz importining 42%ini ta’minlagan.

Nashrning xabar berishicha, Bayraktarning bayonotlari Vashington bilan Rossiya gazining yevropalik xaridorlari o‘rtasidagi “Gazprombank"ka nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan keskinlikni yanada kuchaytirmoqda.

Avvalroq AQShning “Gazprombank"ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishini Rossiya gazining yirik importchisi hisoblangan Vengriya qattiq tanqid qilgan edi.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto 22-noyabr kuni “Bloomberg"ga AQShning “Gazprombank"ga qarshi sanksiyalar joriy etish qarori Markaziy Yevropaning ayrim mamlakatlari energetika xavfsizligiga tahdid solayotganini va “mamlakat suverenitetiga tajovuz” ekanini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, bu Rossiya gazini qit’aga yetkazib berishni tez orada to‘xtatish xavfini oshiradi. Siyyarto mintaqadagi davlatlar Istanbulda mintaqaviy energetika vazirlari bilan muzokaralardan so‘ng yetkazib berishni davom ettirishning “yo‘lini topishini” qo‘shimcha qildi.


Avvalroq “Spot” AQSh “Gazprombank” va yana 50dan ortiq Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.

Cheklovlar moliya institutlari va “Rossiya harbiy mashinasi"ni zaiflashtirishga qaratilgan.