“Unilever” G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiyadagi biznes ustidan nazoratni yo‘qotayotgani sababli mamlakat bozorini tark etishga majbur bo‘ldi, deya xabar berdi kompaniya rahbari Xayn Shumaxer “Bloomberg” bilan suhbatda.
Uning aytishicha, Unilever uchun Rossiyaga va undan pul o‘tkazish, o‘z faoliyati natijalarini baholash yoki brendlarni boshqarishga ta’sir o‘tkazish qiyinchilik tug‘dirgan.
Shumaxer yaqin kelajakda bu nazoratni tiklash imkoniyatini ko‘rmadi va bu iste’fo berish qaroriga ta’sir ko‘rsatdi.
U “so‘nggi bir yarim yil ichida bu, ehtimol, eng mushkul qaror bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qildi. Shumaxer 2023-yilning yozida “Unilever” bosh direktori lavozimini egallagan edi.
“Unilever” 2024-yil oktabr oyida Rossiyadagi biznesini “Arnest” guruhiga sotish bo‘yicha bitimni yopgan edi. U mamlakatdagi butun “Unilever” biznesi va to‘rtta zavodini o‘z ichiga oladi. Savdoga Belarusdagi biznes ham kiritilgan. Tomonlar shartlarni oshkor etishmadi.
Sentabr oyi boshida “RBC” nashri “Unilever” kompaniyasi o‘zining rus biznesini sotishga ruxsat olgani haqida xabar bergandi.
O‘sha vaqtda Britaniya korporatsiyasining Rossiya biznesi qiymati chegirmani hisobga olgan holda 35−40 mlrd rublga baholangandi.
“Unilever"ning Rossiyadagi portfeli kosmetika mahsulotlari, maishiy kimyo (“Cif”, “Domestos”, “Glorix”), muzqaymoq (“Magnat”, “Ekzo”, “Zolotoy Standard”), oziq-ovqat mahsulotlari (“Knorr” va UFS) va shaxsiy parvarish (“Dove” va boshqalar) toifalarida 46ta brendni o‘z ichiga oladi.
Kompaniya 2022-yilda Rossiyadagi faoliyatini cheklagan, biroq mamlakatda qolishni rejalashtirgandi.
Avvalroq “Spot” “Unilever” 7500 nafar xodimini qisqartirishi haqida yozgandi.
Shuningdek, kompaniya muzqaymoq ishlab chiqarish bo‘limini mustaqil biznesga aylantiradi.