O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) ning bozor ma’lumotlari “Bloomberg” terminalida taqdim etilmoqda. Bu haqda birja matbuot xizmati ma’lum qildi.
Endilikda “Bloomberg” mijozlari {OTC UZS} havolasi orqali O‘zbekistonning valyuta va pul bozorlari, davlat qimmatli qog‘ozlari hamda derivativlar bozorlaridagi narxlar va ko‘rsatkichlaridan foydalanishlari mumkin.
Shu bilan birga, birja ma’lumotlarining terminalda mavjudligi orqali xorijiy investorlar mamlakat moliya bozorini chuqur tushunib, tendensiyalarni tahlil qila olishadi. Bu orqali esa asosli investitsiya qarorlarini qabul qilish va xatarlarni oson baholash mumkinligi ta’kidlanadi xabarda.
“Bu hamkorlik global bozorlar ishtirokchilariga birjaning turli segmentlarida O‘zRVBning dolzarb va aniq ma’lumotlarini olishga, bu orqali o‘z aktivlarini yanada samarali boshqarishga yordam beradi”, — dedi O‘zRVB bosh direktori Rashid Usmonov.
Shuningdek, u ma’lumotlarning shaffofligi va ochiqligini oshirish bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashini va likvidlilikning o‘sishini ta’minlashini qayd etdi.
O‘zRVB ma’lumotlari “Bloomberg” kompaniyasining ma’lumotlar uchun litsenziyasi asosida va real vaqt rejimida bozor ma’lumotlarini uzatish “B-PIPE” kanali orqali kompaniya doirasida foydalanish uchun mavjud bo‘ladi.
Hozirda respublika valyuta birjasi ishtirokchilari 35ta mahalliy bank, 6ta brokerlik kompaniyasi va 1ta xorijiy kastodian bankdan iborat. 2023-yilda birjaning turli bozor segmentlaridagi 20ga yaqin instrumentlar bo‘yicha amalga oshirilgan savdolarning umumiy hajmi $81 mlrdni tashkil etgan.
2023-yilning iyulida O‘zRVB “Bloomberg” kompaniyasi bilan strategik bitim imzolagandi. Bu orqali market-data va statistik ma’lumotlarni translyatsiya qilish belgilangan.
Avvalroq Toshkent fond birjasi IT-infratuzilmasini “Bloomberg” platformasi bilan integratsiya qilgani haqida xabar berilgandi. Kotirovkalar, buyurtmalar kitoblari va boshqa asosiy ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida uzatish mumkin.