Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025-yildan eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

2019-yildan boshlab foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan baza tovarlar va xizmatlarni eksportga realizatsiya qilishga to‘g‘ri keladigan foyda qismiga, yagona soliq to‘lovi bo‘yicha esa tovarlarni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan qismiga qisqartiriladi. Majlisda ko‘rib chiqilgan kelasi yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida mazkur normalarni bekor qilish nazarda tutilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha iyun oyidagi qabul qilingan prezident farmonida eksportchilar uchun foyda va aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlarini bekor qilish belgilanganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, tahlillar mazkur imtiyoz bir qancha korxonalarda eksport sur’atlarining o‘sishida asosiy omillardan biri bo‘lgan, eksport geografiyasining kengayishiga hissa qo‘shgan. Uning bekor qilinishi eksportchi korxonalar faoliyatida ma’lum oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, bu choraning qo‘llanilishi aylanma mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishiga va bu orqali eksport hajmining pasayishiga olib kelishi mumkin. Uning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun bir qator choralar, jumladan, aylanma mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoj asosida faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi Xurram Teshabayev.

Jamshid Qo‘chqorovning qayd etishicha, foyda solig‘i bo‘yicha 2022-yilda 972 mlrd so‘m, 2023-yilda esa 1,1 trln so‘m imtiyoz berilgan. Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar nisbatan ancha kam miqdorda berilgan — 2022-yilda 12 mlrd so‘m, o‘tgan yili 14 mlrd so‘m.

“O‘zimning bir fikrimni aytmoqchiman. JST — umuman olganda bir adolatli savdo tizimi. JSTga a’zo bo‘lganlar va a’zo bo‘lmaganlar orasida tengsizlik bor. Ya’ni, agar biz bironta rivojlangan mamlakat bilan savdo-sotiq qiladigan bo‘lsak, ular bizdan o‘zi uchun doimo mo‘tadil yoki qulay bo‘lgan shart-sharoitlarni talab qilish huquqiga ega, bu yerda imtiyozlarni nazarda tutmayapman”, — dedi vazir.

Bosh vazir o‘rinbosari JSTga a’zo ba’zi mamlakatlar hech qaysi davlat uchun qo‘ymagan import bojlarini O‘zbekiston uchun qo‘yganini, tashkilotga a’zo bo‘lish esa boshqa davlatlarga eksportni cheklash chora-tadbirlarini qo‘llashga imkon bermasligini ta’kidladi.

Shuningdek, vazir JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga boshqa mamlakatlar bilan adolatli va teng sharoitlarda savdo qilish huquqini berishini qayd etdi.

“Kimdir yo‘qotishi mumkin. Lekin, mening fikrimcha, JST bu — adolatli savdo tartib-tamoyillari. Shuning uchun har bir O‘zbekiston tadbirkori adolatli va ochiq raqobat sharoitida o‘z faoliyatini yuritishni o‘rganishi kerak”, — deya xulosa qildi u.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi.

Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar haqida “Spot” muxbiriga so‘zlab berdi. Avvalroq O‘zbekiston Rossiya, Xitoy va YI bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lum qilingandi.