“Amazon” video va tasvirlarni qayta ishlaydigan sun’iy intellekt modelini ishlab chiqdi. Bu haqda “Reuters”, “The Information” nashrlari xabar berdi.

“The Information” manbalariga ko‘ra, bu kompaniyaga $8 mlrd sarmoya kiritgan “Anthropic” startapiga qaramlikni kamaytirishga imkon beradi.

Qayd etilishicha, “Olympus” deb nomlanuvchi yangi katta til modeli (LLM) tasvirlar va videolarning mazmunini aniqlash imkoniyatiga ega.

Bu ulardan alohida parchalar yoki kadrlarni izlashga yordam beradi — masalan, basketbol o‘yinida to‘pning halqaga tushirilishi epizodini ajratib ko‘rsatish mumkin. Buning uchun matnli so‘rovlarni kiritish zarur bo‘ladi.

Kompaniya “Olympus"ni 2024-yil 2-dekabrdan boshlab bir hafta ichida 6-dekabrgacha davom etadigan “AWS re:Invent” yillik konferensiyasida taqdim etishi mumkin.


Avvalroq “Amazon” “ChatGPT"ga raqobatchi bo‘lgan o‘zining chat-botini yaratayotgani xabar berilgandi.

Ishchi nomi “Metis” deb nomlangan chat-bot matnli so‘rovlarga javob bera oladi va tasvirlarni yaratadi, shuningdek, sun’iy intellekt agenti sifatida ishlaydi.