“Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan ketma-ket to‘rtinchi oy davomida arzonlashishda davom etmoqda.

Noyabr oyida milliy valyutaning zaiflashishi 90,71 so‘mni yoki 0,71%ni tashkil etib, kurs 12 865,05 so‘mgacha yetdi.

Butun oy davomida dollar bir tekisda ko‘tarildi. Biroq noyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida AQSH dollari qadri tushgan bo‘lsa-da, joriy haftada so‘mning qisqa muddatli mustahkamlanishini ortga qaytardi.

Joriy yilning o‘n bir oyi natijalari bo‘yicha, o‘zbek so‘mi atigi 4,26%ga qadrsizlandi.

Iyun-iyul oylarida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi. Biroq avgust-sentabr oylarida milliy valyuta 155 so‘mdan ortiqqa arzonlashdi.

Shu bilan birga, yanvar-avgust oylarida iste’mol narxlari 5,5%ga oshdi, bu esa so‘mning real ayirboshlash kursi mustahkamlanganini anglatadi. Kuchli milliy valyuta sharoitida import arzonlashadi va eksport kamroq jozibador bo‘ladi.

Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi. Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar qatorida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor.

Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.