“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishda faol nuroniylarni jalb qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Endi mahallalardagi tajribaga ega nuroniylar 5ta kambag‘al oilaga yarim yilga biriktiriladi. “Mahalla yettiligi” oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashda ularga yordam beradi.
Hujjat bilan nuroniylarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ham belgilandi. Bunda oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda xonadon tomorqasidan samarali foydalanish, tomorqada yuqori daromadli ekin turlari ekilishini tashkil etish hamda mahsulotlar savdosiga ko‘maklashiladi.
Oilani daromadli qilish uchun ko‘chma do‘kon (fudtrak), kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordam beriladi.
Kambag‘al oila farzandlari mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktiriladi. Ularni o‘quv jihozlari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash, qo‘shimcha darslar va to‘garaklarga qatnashishini tashkil etishda nuroniylar yordam beradi.
Shuningdek, keksa yoshdagi aholi xonadonlarning sanitariya holatini yaxshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishga chaqirishga yordamlashadi.
Faol nuroniylar har oyda MHTEKMning 50%i — 577,5 ming so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Keksa yoshdagi fuqarolarni sportga jalb qilish uchun har bir mahallaga yiliga 10 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Ularga mos keladigan sport tadbirlari tashkil etiladi, bu bo‘yicha xarajatlar, jumladan transport xarajatlari qoplab beriladi.
Bandlik vazirligi “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga faol nuroniylarni tanlab olish hamda ularga kambag‘al oilalarni biriktirishda ko‘maklashadi.
O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestri yuritiladi. 2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam berishning talablari o‘zgartiriladi. Prokuratura kambag‘allikni qisqartirishda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi. Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarda mas’ul xodimlardan iborat shtatlar tashkil etiladi.
Sentabr oyida prezident qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangandi. U bilan 2024−2025 yillarda og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun tashkilotlarning 14 mingta rahbar va o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.