Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini oshirish rejalari haqida ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya yetakchisi 27-noyabr kuni Ostonada Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha OAVga bergan bayonotida qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, tomonlar Qozog‘istonda uchta yangi issiqlik elektr stansiyasi qurish masalasini muhokama qilmoqda. “Gazprom” qozog‘istonlik iste’molchilarga uzluksiz gaz yetkazib bermoqda va Qorachag‘anoq konidan olingan yoqilg‘ini Orenburg gaz-kimyo majmuasida qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda, deya qayd etdi Rossiya prezidenti.
“O‘tgan yildan boshlab Rossiyadan kelayotgan gaz Qozog‘iston hududi orqali qo‘shni O‘zbekistonga tranzit tarzda yetkazib berilmoqda va biz bunday yetkazib berish hajmini oshiramiz”, — dedi Vladimir Putin.
O‘z navbatida, ikki mamlakat mintaqalararo hamkorlik forumi yig‘ilishida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya gazini mamlakatga uzoq muddatli yetkazib berish masalasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
O‘n oyda O‘zbekistonning Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi 2,4 barobar oshib, $1,36 mlrdga yetdi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat mustaqillik tarixida birinchi marta gaz importchisiga aylandi.
“Gaz ittifoqi”
Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishi 2023-yilning 7-oktabrida boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirigacha tranzit hajmi 800 mln kub metrni tashkil etib, yillik hajm 2,8 mlrd kub metr yetishi kutilmoqda.
Oktabr oyi oxirida Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya 15 yilga mo‘ljallangan gaz sohasidagi hamkorlik bitimini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. Yetkazib berish hajmini oshirish uchun Rossiya davlat kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Fevral oyi boshida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston va Rossiya “ma'lum miqdorda gaz yetkazib berishni ko‘paytirish” bilan yangi uzoq muddatli gaz shartnomasini tuzish masalasini muhokama qilayotganini bildirdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyadan tabiiy gazni ichki tariflardan ancha qimmat narxda sotib olgan. Ming kub metr narxi $160ni tashkil etgan — bu Turkiya va Xitoy uchun belgilangan narxlardan ancha past. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi.
2025-yilda “Gazprom” O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘rt baravarga — 2,8 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshiradi.