Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlikda Koreyaning Ulsan shahar hokimligi va “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning sentabr oyida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida shahar hokimligi fuqarolarga ishchi vizalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri berishga tayyorlanmoqda. O‘zbekistonliklar elektrotexnika, avtomobilsozlik, kemasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo hamda neyron texnologiyalar sohalaridagi ishlarga joylashtiriladi.

“Hamkorlikning asosiy talabi — Koreyaning migratsiya va mehnat qonunchiligini buzmaslik, barchasi ko‘ngildagidak bo‘lsa, biz salohiyatli ishchi kuchini kasbga tayyorlash uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritish va munosib ish bilan ta’minlashga tayyormiz”, — dedi “Hyundai"ning xorijlik ishchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vitse prezidenti Kim Seong Hoon.

Nomzodlar uchun mamlakatda “Ulsan shahar kasb-hunarga o‘qitish markazlari” tashkil qilinib, ularda malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Loyihaga shahar hokimligi hamda “Hyundai Heavy Industries” mablag‘lari jalb qilinadi.

Hokimlik vakili kelishuv asosida dastlab “Hyundai” kompaniyasiga kamida 350 nafar mutaxassis yetkazib berilishini, loyiha o‘zini oqlasa, “Kia” hamda “Samsung” kabi kompaniyalarga ham minglab ishchilarni jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, o‘zlarini yaxshi ko‘rsatgan ishchilarning vizalari E-9 (noprofessional) vizasidan E-7 (professional) vizasiga o‘tkazilishi, cheklanmagan vaqt Koreyada ishlashi va oilasini olib borishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xabibjon Sirojitdinov Ulsan shahar hokimligi va “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Unda viloyatda Koreya investisiyasi kiritilgan 48ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotganligi qayd etildi.

hyundai, janubiy koreya, migratsiya, migratsiya agentligi, xorijda ish

Kemasozlik, avtomobilsozlik va boshqa sohalar bilan shug‘ullanuvchi “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasiga ishchi kuchi zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar bu imkoniyatdan foydalangan holda viloyatda o‘quv-markazlarini tashkil etish, malakali ishchilarni Koreyadagi ishlab chiqarish korxonalariga ishga yuborish masalalarini muhokama qildi.

Buning uchun esa viloyatda mehnat resurslari yetarli ekanligi, fuqarolarni kasbga o‘qitish, Ulsandagi daromadli ishlarga qonuniy tartibda jo‘natish bo‘yicha fikr almashildi. Bu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

Avvalroq JICA o‘zbekistonliklarni Yaponiyaga ishga jalb qilishga ko‘maklashishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar fuqarolarni malakali ishchi va texnik stajorlik dasturi bo‘yicha qurilish, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga ishga jalb qilishga kelishishdi.