Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘tgan 10 oyda mamlakatga o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p — $26 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya kiritilgan. Shundan qariyb $24 mlrdi to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalar hisoblanadi.
Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 300ta korxona ishga tushib, 30 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi, eksport esa $305 mlnga oshdi. Bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilgan.
Noyabr-dekabr oylarida yana $8,6 mlrd investitsiya kelishi kutilmoqda.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida tahlil qilindi.
8ta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17ta loyihada loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.
Yig‘ilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini oshirish, yondashuvlarni o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, YTTB mamlakat biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.
Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablag‘lar ham jalb etishi kerakligi, investitsiyalarning hajmi bilan birga, sifatini ham oshirish zarurligi aytildi.
Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2025-yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, DXSh va xususiy sarmoyalar yo‘nalishida aniq belgilab olish muhimligi ta’kidlandi.
2025-yilda Namanganga $4,2 mlrdlik investitsiya mablag‘larini yo‘naltirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.