Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va bu yo‘nalishni O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi.
Tahlillar tungi iqtisodiyot rivojlangan shaharlarda yillik tushumlar miqdori sezilarli darajada foyda keltirishini ko‘rsatmoqda. Ularda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun alohida hududlar ajratilgan, qo‘shimcha ish joylari tashkil etilgan.
Agentlik mazkur shaharlarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilganini qayd etdi. Ular qatorida ko‘ngilochar maskanlar va restoranlarning uzluksiz ishlashi, aholi bilan o‘zaro muvozanat, xavfsizlikning ta’minlanishi hamda tadbirkorlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bor.
O‘zbekistonda ham tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkentda 2ta — “Sultonali Mashhadiy” va “Taras Shevchenko” ko‘chalari uzluksiz faoliyat olib boruvchi gastronomik ko‘chaga aylantirildi. Yana 8ta nuqtada ana shunday ko‘cha tashkil etiladi. Biroq, faqat shu bilan cheklanib qolinmoqda.
Tungi vaqtlarda ham poytaxtda transport xizmatiga talab mavjudligiga qaramay, jamoat transportlari belgilangan vaqtlarda harakatanadi. Tungi rejimda ishlovchi madaniyat va san’at muassasalari, sport va dam olish maskanlarini tashkil etish mumkin. Shundan kelib chiqib, agentlik bir nechta takliflarni ishlab chiqdi.
Ulardan eng asosiysi, 2025-yilning 1-fevralidan tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, quyidagilar ham ilgari surilmoqda:
- har juma va shanbada dam olish maskanlarining 24/7 rejimida ishlashini ta’minlash va ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish;
- turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab, ularda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish;
- jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazish;
- “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish, unda tunda ishlaydigan maskanlar, jamoat transporti yo‘nalishlari va arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot berish;
- belgilangan hududlarni modernizatsiya qilish, yoritish tizimini kuchaytirish va qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
Shulardan kelib chiqqan holda agentlik tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni loyihasi hamda litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Avvalroq 2025-yildan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘m etib belgilanadi. Agar to‘lov onlayn amalga oshirilsa, bu 1 700 so‘mni tashkil etadi.