1-dekabrdan boshlab chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Rossiyaga kirishda o‘zlarining biometrik ma’lumotlarini topshirishlari shart bo‘ladi. Hukumatning 7-noyabrdagi tegishli qarorini Bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.
Rossiya chegarasi orqali o‘tish punktlarida biometrik ma’lumotlarni topshirish bo‘yicha tajriba 2026-yil 30-iyungacha davom etadi.
Dastlabki bosqichda bu tajriba Moskvadagi Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy aeroportlariga hamda Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil yuk va yo‘lovchi o‘tkazish punktiga tatbiq etiladi.
2025-yil 30-iyundan boshlanadigan ikkinchi bosqich Rossiyaning barcha chegaraviy nazorat-o‘tkazish punktlarini qamrab oladi. “Garant” huquqiy portali ma’lum qilishicha, ushbu davrda mamlakatga kirayotgan har bir chet ellik fuqaro uchun raqamli profil yaratiladi.
Rossiyaga kelayotgan xorijliklar biometrik ma’lumotlarni — yuz tasviri va barmoq izlarini topshiradi.
Qarorga ko‘ra, Belarus fuqarolari, diplomatlar, konsullik xodimlari, xalqaro tashkilotlar xodimlari, diplomatik pasportlar, diplomatik va xizmat vizalari egalari, shuningdek, ularning oila a’zolari va 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno.
“Qanot Sharq” aviakompaniyasi jarayon qo‘shimcha vaqt talab qilishi mumkinligini hisobga olib, kechikishlarni oldini olish maqsadida Domodedovo aeroportiga oldinroq yetib kelishni tavsiya qildi.
Biometrik tekshiruvlar chegara nazorati hududida amalga oshiriladi, deya aniqlik kiritdi aviakompaniya.
Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish
Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.
“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.
Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.
Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.
Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.