Prezidentining tegishli farmonlari bilan Samarqand viloyatiga hokim tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Erkinjon Oqbutayevich Turdimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan viloyat hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelgan Adiz Muzafarovich Boboyev Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Erkinjon Turdimov 2018-yildan beri Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. U 1972-yilda Samarqand viloyatida tavallud topgan.

1991−1995-yillarda “O‘zsanoatqurilishbank"ning hududiy bo‘limlarida xizmat qilgan. 1996-yilgacha Zarafshon hokimi o‘rinbosari lavizimida faoliyat yuritgan. 1996-yildan 2000-yilgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy bo‘limida ishlab, Navoiy viloyati Xatirchi tuman hokimiyatiga boshchilik qilgan. Undan so‘ng qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Turdimov 2008−2016-yillarda Navoiy viloyati hokimi bo‘lgan. Undan so‘ng 2 yil Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-yilda Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan Turdimov joriy yilda o‘tkazilgan parlament saylovlaridan so‘ng Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida bu lavozimga qayta tasdiqlangandi.

Adiz Boboyev joriy yilning yanvar oyidan buyon Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi. U 1972-yilda tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan Boboyev 1993−2007 yillarda Buxoro viloyati moliya boshqarmasida 1-toifali iqtisodchi, monopoliyaga qarshi va narx siyosati bo‘limi yetakchi iqtisodchisi hamda boshqa lavozimlarda ishlagan.

Shuningdek, 2008−2010 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Ijroiya boshqarmasi daromadlarni prognozlash boshqarmasi boshlig‘i, 2010−2012 yillarda Davlat budjeti bosh boshqarmasining jamlanma budjet daromadlarini rejalashtirish va tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Moliya vazirligi tuzilmasidagi boshqa lavozimlarda ishlagan.

Hisob palatasi raisi lavozimida ish boshlashidan avval Adiz Boboyev Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Avvalroq prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining a’zolari tayinlangani haqida xabar berilgandi.