Joriy yilning avgustida Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi uchun tender e’lon qilingandi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmati tenderning Malaka so‘rovi (RfQ) bosqichi yakunlanganini ma’lum qildi.
Birinchi bosqichda jami 8ta kompaniya ishtirok etib, ularning takliflari idoralararo tender komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Natijada, yakuniy bosqichga — takliflar so‘roviga (RfP) o‘tgan 5ta ishtirokchi tasdiqlandi.
Loyiha doirasida ixtisoslashgan maslahatchilar sifatida “PricewaterhouseCoopers (PwC)” va “White&Case (W&C)” kompaniyalari jalb qilingan. Ular tanlov savdolari orqali xususiy sherik tanlashda yordam berishadi.
Loyiha quyidagilarni qurish va modernizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi:
- 3 500 metr uzunlikdagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi;
- asosiy burilish yo‘lagi;
- 2 bosqichli burilish yo‘laklari;
- 2ta tutashuvchi burilish yo‘laklari;
- mavjud apronni rekonstruksiya qilish;
- ma’muriy terminal qurish;
- yuk terminalini qurish;
- maxsus jihozlar binosini qurish;
- umumiy ovqatlanish majmuasini qurish;
- maydoni 39 ming kv.metr xalqaro reyslar uchun soatiga 1000 nafar yo‘lovchiga va ichki reyslar uchun 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yo‘lovchi terminalini qurish.
Yil boshida prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘ldi.
Avgust oyida belgilangan 2030-yilgacha DXShni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish belgilangan.
Loyihaning dastlabki qiymati $181 mlnni tashkil etib, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligiga bu bo‘yicha kelasi yilning birinchi yarmi yakunigacha loyiha bitimini imzolash topshirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda mamlakatdagi aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara berayotgani qayd etilgandi.