Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi bo‘yicha me’yorlar o‘rnatilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.
Markaziy bank matbuot xizmati bu kabi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini hamda bu borada noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilayotganligini bildirdi.
Regulyator banklar tomonidan bitta fuqaroga beriladigan (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini vaqtinchalik bitta bankda 5tagacha, barcha banklarda esa 20tagacha cheklash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Bunda ushbu talab virtual va kobeydjing kartalarni ham o‘z ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, mazkur yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilgan.
“Muhokama qilinayotgan me’yorlar aholiga bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va bu talablar banklarning kartalarni emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97%ida (22 mln nafar) 5tagacha, 3%ida (770 ming) 5−20gacha hamda 0,03%ida (7 ming) 20tadan ortiq kartalar rasmiylashtirilgan.
Fuqarolar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, mazkur bank kartalarining bir qismidan firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan. Aksariyat holatlarda karta egasining bundan xabari bo‘lmaydi.
Shuningdek, regulyator bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini ma’lum qildi. Yangi talablar to‘liq tayyor bo‘lgach, OAV va keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Maqbul yechim topish uchun mazkur masala tahlil qilinadi.