O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 852 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 13 so‘m 5 tiyinga pasaydi.

Joriy oyda kurs ketma-ket uch marta rekord darajaga ko‘tarilib, 28-noyabr kuni 12 865,05 so‘mni, 20-noyabr kuni 12 855 so‘mni, 19-noyabr kuni 12 844 so‘mga yetgandi.

Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi noyabr oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket to‘rtinchi oy arzonlashmoqda. Noyabr oyida milliy valyuta 90 so‘m, yil boshidan beri esa 4,26% qadrsizlandi.

23-oktabr kuni dollar kursi oktabr oyi uchun sakkizinchi marta rekordni yangilab, 12 827,90 so‘mni tashkil qilgandi.

2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilishdir.