Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksportni ko‘paytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda meva-sabzavotni qayta ishlash Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda mamlakat ko‘rsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulug‘nor va Kegeylida meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari mavjud emas.
Bunga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar ishlatilmasdan yotgani, ayrim hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga e’tiroz bildirildi. Mutasaddilarga bu mablag‘ni samarali ishlatish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, amaliy ishga o‘tish topshirildi.
Eksport yil davomida bo‘lishi uchun 51ta tumanda “shok” usulida muzlatish tizimini yaratish rejalashtirilgandi. Lekin bunday loyihalarni qilmoqchi bo‘lgan 76ta tadbirkorning 20tasiga yer ajratish masalasi hal bo‘lmagan. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga keyingi yilda ularning barchasida mazkur loyihani to‘liq ishga tushirish topshirildi.
Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yig‘ib olinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qo‘shimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi ta’kidlandi.
Kelgusi yilda “shok” usulida muzlatish, ozuqa qo‘shimchasi tayyorlash bo‘yicha $100 mlnlik 50ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Sanoatlashgan bog‘-tokzorlarda 20 sotixgacha maydonda kichik muzlatkich, saralash va qadoqlash sexlarini qurishga ruxsat berilgan. Mutasaddilarga intensiv bog‘larda bunday sexlar uchun joylarni belgilash, kelgusi yilda 500 ming tonnali quvvatlarni yaratish bo‘yicha hisob-kitob qilib, tumanlar bo‘yicha ishni boshlash topshirildi.
Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish topshirildi. Qo‘rg‘ontepada 300 gektar, Farg‘ona tumanida 200 gektar, Pop, Yangiqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar tayyor holda tadbirkorlarga beriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish va O‘simliklar karantini agentliklariga eksportga yuborishda har bir meva-sabzavot turi bo‘yicha alohida texnik standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Hozir faqat 10ta tumandagi 3 900 gektar maydonda organik sertifikat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Jahon bozorida organik mahsulotlar narxi an’anaviy mahsulotlardan 2−3 karra qimmat hisoblanadi.
Masalan, Nukus tumanidagi tadbirkor 50 gektar yerda organik pomidor yetishtirib, quritib Yevropaga $6dan eksport qilyapti (an'anaviy pomidor $1dan kam). Toshkentdagi korxona Kattaqo‘rg‘on va Chimqo‘rg‘on suv omborlari atrofidagi 400 gektarda organik mosh, loviya, yeryong‘oq yetishtirmoqda.
Mutasaddilarga organik maydonlarni 2025-yilda 10 ming gektarga, kelgusi 3 yilda esa 100 ming gektarga yetkazish topshirildi.
Bunday maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlar uchun quyidagilar belgilanmoqda:
- yerni lazer bilan tekislash xarajatini davlat tomonidan qoplab berish;
- “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kosher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlariga subsidiya ajratish;
- yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etish.
Banklar balansiga olingan ishlatilmayotgan issiqxona, qayta ishlash sexlari hamda muzlatkichli omborlarni 3 yilga tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilgan. Ijobiy natija ko‘rsatgan tadbirkorlarga bu mulklar 10 yilda bo‘lib to‘lashga beriladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
O‘mon Sultonligida O‘zbekiston mahsulotlari uchun tashkil etilgan alohida savdo rastalari kabi Malayziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Singapur, Koreya, Yaponiya va Yevropada ham bu tajribani kengaytirish muhim ekani aytildi. Bu davlatlarda savdo yarmarkalarini birinchi marta tashkil qilish xarajatlari qoplab beriladi.
Yig‘ilishda hokimlar tomonidan eksportni bajarish uchun boshqa viloyatdan kelgan tadbirkorlarga to‘sqinlik qilish hollari haligacha uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda xaridori va mablag‘i tayyor eksportchilar mahsulotsiz qolib ketayapti.
Bundan buyon eksport jarayonida fitosanitar sertifikatda mahsulot yetishtirilgan hudud majburiy ko‘rsatiladigan tizim bo‘lishi e’lon qilindi. Shunda eksportchilar sun’iy to‘siqlarga uchramaydi.
Mas’ul idoralarga bojxona va karantin ma’lumotlar bazasini integratsiya qilib, bu tizimni ishlatish topshirildi.
Avvalroq meva-sabzavot eksport qiluvchilarning transport xarajatlari qoplab berilishi xabar berilgandi. Bunda ular havo transportida tashishda eksport qiymatining 15%igacha kompensatsiya olishi mumkin.