Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Turkiya bilan hamkorlikda “Ostim Global” sanoat zonasi tashkil etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

28-noyabr kuni Toshkentda “Ostim” birlashgan sanoat zonasi raisi Orxan Aydin boshchiligidagi delegatsiyasi tashrifi doirasida o‘zbek-turk biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi sanoat zonasining ochilishi o‘tkazildi.

“Ostim” sanoat zonasi hududi 100 gektarni, loyihaning umumiy qiymati $150 mlnni tashkil etadi. Hudud barcha muhandislik kommunikatsiyalari ega hamda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning bir qismini qoplash maqsadida quyosh elektr stansiyasi qurilmoqda.

Klaster usulida tashkil etilgan zonada savdo markazi, poliklinika, maktab, mehmonxona, tadqiqot va sertifikatlash bo‘yicha ilmiy markaz (R&D) qurish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur kasblarga o‘rgatadigan kasb-hunar kolleji tashkil etiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, oxirgi besh yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,3 baravarga o‘sib, $3,1 mlrdga yetgan.

Qo‘shma korxonalar soni qariyb uch baravarga oshib, 1 903tani tashkil etmoqda. 2023-yilda $1,2 mlrd miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgan, joriy yil boshidan esa Turkiya ishtirokida 300dan ortiq kompaniya ochildi.

Elektr texnikasi, kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, IT, turizm hamda savdo sohalarida faoliyat yuritayotgan 200dan ortiq kompaniya ishtirokidagi forumda ishbilarmonlar doirasiga sanoat zonasidagi sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Turkiya kompaniyalari sanoat zonasida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga chaqirildi.

Turkiyaning “Unitrade”, “Esan”, “MTA”, “Menderes”, “Zorlu”, “Abdi Ibrahim”, “Calik”, “Aksa”, “Tashyapi”, “Dolsar”, “Jengiz”, “Anadolu” kabi kompaniyalari konchilik va geologiya, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, avtomobil sanoati va energetika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Avvalroq Andijonda mebelsozlik bo‘yicha kichik sanoat zonasi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Markaz hududida ishlab chiqarish sexlari qurilib, logistika markazi hamda dilerlik ofislari ochiladi.