27-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda imzolandi.

Yangi qonun 1999-yilda qabul qilingan amaldagi tahrir o‘rnida qabul qilinadi. Unda temir yo‘l transporti sohasida bozor munosabatlari va raqobatni rivojlantirish hamda xususiy sektor ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.

Tashuvchiga narx belgilash qoidalariga muvofiq tashish narxlarini erkin belgilash huquqi beriladi. Bundan narxlarni shakllantirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga solinuvchi tariflar mustasno.

Yo‘lovchilarni tashish (tez yurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlardan tashqari), shuningdek, umumiy foydalanishdagi infratuzilma va lokomotivlardan foydalanish tariflari davlat tomonidan tartibga solinadi. Yo‘lovchilarni tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha tashishdan ko‘rilgan zararlar davlat budjetidan qoplanadi.

O‘zbekiston hududidagi yuklarni tashishda chegirmalar nazarda tutilmaydi, transchegaraviy tashishlar uchun ular xalqaro shartnomalarga muvofiq belgilanadi. Loyiha bosqichida Vazirlar Mahkamasi yuk tashishning ayrim turlariga chegirmalar taqdim etishi ko‘zda tutilgandi.

Umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarda obyektlarni qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini moliyalashtirish tartibi o‘zgartirildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tuzilmalari mablag‘lari, xalqaro institutlarning budjet mablag‘lari va kreditlari bilan bir qatorda manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslardan, shu jumladan DXSh bitimlari asosida investitsiyalarni jalb etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, temir yo‘llarga tegishli mavjud obyektlarni DXSh asosida xususiy biznes boshqaruviga berishga ruxsat etiladi. Xususiy hamkor ularni DXSh yoki konsessiya shartnomasi amal qiladigan muddatga ijara, egalik qilish yoki foydalanish huquqi asosida oladi.

Umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarning egalari pulli asosda to‘xtab turish, vagonlar va konteynerlarni topshirish-tozalash, ortish-tushirish, yuklarni qabul qilish va berish kabi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin. Bunda to‘lov raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Yuklarni, pochta va kuryerlik jo‘natmalarini tashish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar buzilgan taqdirda da’vo qilish muddati 1 yilni, yo‘lovchilar, bagaj, yuk bagaji esa 6 oyni tashkil etadi. Yuklarni yetkazib berish majburiyatlaridan kelib chiqadigan, tashish shartnomasi bilan bog‘liq bo‘lmagan talablar uchun da’vo muddati 2 oyni tashkil etadi.

Qonun 2025-yildan kuchga kiradi. Shu bilan birga, uning normalarining asosiy qismi (zararlarni qoplash va chegirmalardan tashqari) qonun e’lon qilinganidan 6 oy o‘tgach — 29-maydan kuchga kiradi.

Avvalroq prezident ishtirokidagi taqdimotda ilgari zarar bilan ishlagan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi joriy yilda 30 mlrd so‘m foydaga chiqqani ma’lum qilingandi.