O‘mon sultonligining “Sohar International” banki O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
29-noyabr kuni bank vakillari hamda Markaziy bank rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “Sohar International"ning O‘zbekiston bank bozoriga kirish rejalari hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya vakillari bankning strategik qarashlarini taqdim etdilar.
Shuningdek, O‘mon tomoni O‘zbekiston bank tizimining yuqori investitsion salohiyatini ta’kidlab, mamlakat bozoriga kirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Markaziy bank moliya bozorini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va bank sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Sentabr oyida regulyator Xitoyning Eksim banki vakolatxonasini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Noyabrga kelib bank Toshkentda o‘zining mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. U O‘zbekistondan tashqari, bankning yana 7ta mamlakatdagi faoliyatini yuritadi.
“Sohar International Bank” 2007-yilda O‘monda tashkil etilgan. Bank oltita operatsion segmentda ishlaydi: ulgurji va chakana bank xizmatlari, davlat va xususiy loyihalarni moliyalashtirish, investitsiyalar, g‘aznachilik va islomiy banking. Moliyaviy muassasaning daromadi $781 mlnni tashkil etadi, xodimlar soni esa 1,5 mingdan oshadi.