Rossiyaning “UVT Aero” aviakompaniyasi Nijnekamsk — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Nijnekamskdagi Begishevo aeroporti ma’muriyati xabar berdi.
Parvozlar har dushanba kuni “CRJ-200” samolyotlarida amalga oshiriladi. Birinchi reys 23-dekabrga rejalashtirilgan.
Samolyot O‘zbekiston poytaxtidan Nijniy Kamskka 10:40da yetib keladi va 11:40da teskari yo‘nalishda uchadi.
“UVT Aero” 2023-yil avgust oyida O‘zbekistonga parvozlar uchun ruxsat olgandi. Bir oydan kamroq vaqt o‘tgach, aviatashuvchi Qozon-Samarqand-Qozon yo‘nalishi bo‘yicha haftalik reyslarni amalga oshirishga kirishdi.
Joriy yil fevralida Toshkent va Buxoroga parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalari ma’lum bo‘ldi. Iyul oyidan kompaniya Qozondan Toshkentga parvozlarni amalga oshira boshladi.
“UVT Aero” aviakompaniyasi 2015-yilda havo transportida muntazam va charter yo‘lovchi tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olgan. Xalqaro reyslarni amalga oshirish uchun esa 2017-yilda ruxsat olingan.
Avvalroq “Spot” “Flyadeal” aviakompaniyasi Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlagani haqida yozgandi.
Aviakompaniya 15-dekabrdan Jidda-Namangan yo‘nalishida parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.