22-noyabr kuni “UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochgandi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisining matbuot xizmati tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar qachon tugashini ma’lum qildi.
Xususan, “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” modifikatsiyalari uchun tuzilgan shartnomalarga xaridorlardan to‘lovlar 2-dekabrgacha qabul qilinadi.
Bundan tashqari, “UzAuto Motors” fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar joylashgan saytlar va boshqa tashqi servislar orqali “shartnoma sotib olish” bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda.
“UzAutoSavdo” platformasida xaridor yoki diler mijozning ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emasligi ta’kidlangan. Fuqarolar murojaatlari kompaniyaning +998 78−141−7777 raqami orqali qabul qilinadi.
Kompaniya “Cobalt” uchun shartnoma berishni 22-noyabr kuni boshlab, 10 soat davomida jami 55 494ta shartnoma berdi. Onlayn kontraktatsiyada “UzAutoSavdo” tizimida 22,8 ming kiberhujum amalga oshirilgan.
Oktabr oyida “UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobilini yangi “Midnight” modifikatsiyasida ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi. Undan keyin Asakadagi zavodda yangi modifikatsiyadagi avtomobil ishlab chiqarila boshlandi.
Joriy yilning iyul oyida ochilgan onlayn kontraktatsiya jarayonida “Chevrolet Cobalt” xaridi uchun jami 26 700 dona shartnoma tuzilgandi.