O‘zbekiston Xitoy bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

28-noyabr kuni Pekin shahrida mamlakat bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada Xitoy O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagan yigirma ikkinchi davlat bo‘ldi.

“Yil yakuni O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha juda mazmunli bo‘lmoqda. Jahonning ikkita eng yirik savdo ishtirokchisi — AQSh va Xitoy bilan muzokalar o‘z nihoyasiga yetdi. 22ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi”, — deya yozadi Urunov.

Shuningdek, u Xitoy Savdo vazirligiga, vazir o‘rinbosari Li Feyga, departament direktori Li Defengga “konstruktiv muloqot” uchun minnatdorchilik bildirdi.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, xitoy

Noyabr oyi boshida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Xitoy va YI bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini “Spot"ga ma’lum qilgandi. Maxsus vakil JSTga a’zo bo‘lishdan oldin nomzod davlat tashkilotning boshqa a’zolari bilan ikki tomonlama muzokaralarni boshlashi mumkin, deya ta’kidladi.

Shuningdek, u O‘zbekiston o‘zining notarif choralarini tartibga solish bo‘yicha faoliyat olib borayotganini ta’kidladi. Azizbek Urunovning fikricha, nafaqat importni, balki eksportni ham texnik tartibga solishni yaxshilash kerak. “Shundagina xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — dedi u.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi. Azizbek Urunov tashkilotga a’zolik 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etdi.

Noyabr oyida O‘zbekiston AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunlashi natijasida Qo‘shma Shtatlar mamlakatni qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi JSTga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etgandi.