“Tashkent Invest” kompaniyasi “Gulshonabod” mahallasidagi “Yangihayot City” yangi turar joy majmuasi loyihasini taqdim etdi, unga “Yo‘ldosh” (“Sputnik”) mavzesi aholisini ko‘chirish rejalashtirilgan.

Taqdimot 28-noyabr kuni Yangihayot tumanida 2029-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha matbuot anjumani doirasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi Hayot Inogomov, “Tashkent Invest” rahbari Bahrom Shokirov va kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida investitsiyalar, eksport, muhandislik va ijtimoiy ta’minotni yaxshilash borasidagi rejalar haqida ma’lumot berildi. “Yo‘ldosh” massivini ta’mirlash masalasini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.

renovatsiya, sputnik, toshkent shahri, yangihayot, yangihayot city

“Yangihayot City” loyihasi “Gulshonabod” mahallasining 76 gektar bo‘sh turgan maydonida amalga oshiriladi. Loyiha qiymati $ 1 mlrdni tashkil etadi.

Uning natijasida budjetga $1 trln miqdoridagi tushumlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 7 250 nafar fuqaro bandligi ta’minlanadi.

Loyiha doirasida 22 mingdan ortiq xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda 11ta bog‘cha, 2ta maktab, oilaviy poliklinika, mehmonxona, shuningdek, savdo markazlari, ofis va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.

“Sputnik"da renovatsiya dasturi

25-noyabr kuni “GC Group Industries” tomonidan mazkur massivda renovatsiya loyihasi amalga oshirilishi ma’lum bo‘lgandi. Oradan ikki kun o‘tib, loyiha mazkur huddan 1,5 km uzoqlikdagi “Gulshonobod” mahallasiga ko‘chirilgani xabar berildi.

Aholini yangi manzilga ko‘chirishda ularga teng qiymatga ega kvartiralar (masalan, eski uydagi 1 xonali uy o‘rniga yangi uydagi 1 xonali uy) beriladi. Muhtoj aholiga esa yangi uyga ko‘chib o‘tishda yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, aholi o‘z uy-joyini kengaytirish, qo‘shimcha haq evaziga qo‘shimcha xonalar sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi. 2025-yilning 1-choragida loyihaning ochiq jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, “Yo‘ldosh” mavzesida dendropark tashkil etiladi. Uning doirasida hududdagi mavjud daraxtlar saqlab qolinadi va davolanadi, shuningdek, yangi daraxt hamda butalar o‘tqaziladi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.