Avtobus yo‘lagida harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Quyi palatada mas’ul qo‘mita tomonidan jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Xususan, qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etganlik uchun — BHMning 3 baravari (1,12 mln so‘m), bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun esa BHMning 5 baravari (1,87 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.
Joriy yilning oktabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan “Yo‘l harakati qoidalari"ga jamoat transporti harakatiga oid qo‘shimchalar kiritildi. Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan (“A” harfi chizilgan) yo‘ldan jamoat transportidan boshqa avtomobillarning harakatlanishi taqiqlanadi. Bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.
Avtomobillar undan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida foydalanishlari mumkin. Bunda yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofadagi yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joyigacha harakatlanishga ruxsat etiladi.
O‘z navbatida, transport vositasi bu yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasdan, unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqishni amalga oshirishi mumkin.
“A” tasmali yo‘l
2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.
Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Avvalroq 2025-yildan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘m etib belgilanadi. Agar to‘lov onlayn amalga oshirilsa, bu 1 700 so‘mni tashkil etadi.