Rustam Qoriyev 21 yoshga kirgan paytida ingliz tilida ravon gapirgan yoshlarga havas qilib, uni mukammal o‘rganishga bel bog‘laydi. O‘qituvchilik qilish uchun tilni o‘rganmagan Qoriyev, moliyaviy qiyinchiliklar sabab ingliz tilidan ilk darslarini berishiga to‘g‘ri kelgan.

Faqatgina dars berish bilan cheklanib qolishni istamay, katta jamoa bilan minglab til o‘ranishga qiziquvchi yoshlarni birlashtirish fikri uni 2022-yilda “Ibrat farzandlari” loyihasini yaratishiga sabab bo‘ldi.

Ilk marotaba oromgoh tarzida tashkil etilgan loyihada hozirda malakali ustozlar tomonidan 10dan ortiq xorijiy tillar bo‘yicha “0"dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilib, o‘zining oflayn-maktabini ham ochishga ulgurdi. Endi “Ibrat farzandlari” besh yil ichida ekosistema qurishni rejalashtirmoqda.

Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:



Birinchi o‘quvchim qo‘shiqchi edi

Maktab paytlarim onam meni ingliz tilini o‘rganishim uchun o‘zlari ishlaydigan joyga qo‘shimcha darsga berdilar. Yosh bo‘lganim uchunmi, ma’lum muddat o‘qiganimdan so‘ng tashlab ketdim.

Kunlar yillarga ulanib vaqt bir pastda o‘tib ketdi. 21 yoshimda ishda deysizmi, shaxsiy hayotdami hamma imkoniyatlar o‘z eshiklarini ochdi. Barchasi bir maromda ketardi. Lekin, bir kun televizorda yoshlarning ingliz tilida ravon gapirayotganlarini ko‘rib havasim keldi: meni ham ularga o‘xshab gapirishni xohlardim. Balandlikdan sakrasangiz yuragingiz jiz etadi-ku, aynan shu hisni tuydim.

Ingliz tilini o‘rganishga qaror qilgan paytlarim o‘quv markazlari hozirgidek ko‘p emasdi. Oxiri o‘zim istagandek sifatli ta’lim beradigan o‘quv markazini topib, bordim. Biroq ma’lum sababga ko‘ra, u yerda ham o‘qishimni davom ettira olmadim. Bu vaqt oralig‘ida uydan chiqib ketishimga to‘g‘ri kelib, o‘quv markazida tunab qolgan paytlarim ham bo‘ldi. U yerda tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim ortib bordi.

Moliyaviy tomondan o‘zimning xarajatlarimni qoplashim uchun ingliz tili ustozim menga ingliz tilidan dars o‘tishimni taklif qildi. Birinchi o‘quvchimni hali hamon eslayman — qo‘shiqchi bo‘lgan. Lekin hech qachon ustoz bo‘laman, deb o‘ylamaganman.

ibrat farzanlari, rustam qoriyev, xorijiy tillar

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

“Ibrat farzandlari"ning yaratilishi

O‘quvchilarim soni tobora ko‘payib, “Ibrat farzandlari” loyihasining yaratilishiga sabablar ham ortib bordi. Ulardan birinchisi ko‘pchilikning qulog‘iga chalingan o‘sha voqea — moliyaviy qiyinchiliklar paytida ustozimning ingliz tilidan bepul dars o‘tgani, qaysidir ma’noda bu ham turtki bo‘ldi, albatta. Lekin eng asosiy sabab, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan jadidlar harakatini tiriltirish g‘oyasi bo‘ldi.

Xususan, Sho‘ro davrida yashab o‘tgan maʼrifatparvar shoir, tilshunos, tarixshunos olim Is’hoqxon Ibrat o‘ndan ortiq xorijiy tillarni bilgan va ularni odamlarga bepul o‘rgatgan. Ularning davomchilari bo‘lish istagida bu loyihani amalga oshirib, unga “Ibrat farzandlari”, deb nom berdik. Shu tariqa loyiha dunyoga keldi.

“Ibrat farzandlari” loyihasiga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mablag‘ ajratilgan. O‘ylaymanki, bu kabi loyihalar uchun qancha mablag‘ ajratilsa shuncha kam, negaki yoshlarni “C1” darajagacha bepul o‘qitib beramiz.

“Ibrat farzandlari” orqali tillarni o‘rganayotgan bola bu bilimlarni olti oyda o‘zlashtiradimi yoki bir oydami bu uning o‘ziga bog‘liq. Bitta bolaning hayoti yaxshi tomonga o‘zgarsa biz maqsadimizga erishgan bolamiz.

Oromgohdan NNTgacha bo‘lgan yo‘l

2022-yillarda birinchi marta loyiha oromgoh tarzida amalga oshirilgan. U yerda iqtidorli yoshlar ingliz tilidagi bilimlarini mustahkamlab, muloqot qilishardi. Oromgoh tarzida yo‘lga qo‘yilgan kichik loyiha yoshlarning katta qiziqishlariga sabab bo‘lgani sabab uni kengaytirishga qaror qildik.

Avvaliga master-klasslar tashkil qila boshladik, bu ham til o‘rganuvchilar tomonidan iliq qabul qilingandan so‘ng, “YouTube"ga malakali ustozlar bilan dars yozib joylandi.

O‘sha paytlari studiya yerto‘lada joylashgandi. Eski videolarga e’tibor bersangiz, egnimda qalin ustki kiyimlar bilan chiqardim — bu sovuq havo va isitish tizimining yaxshi ishlamagani hisobiga edi, deydi Qoriyev.

Joylangan darslarning ko‘rishlari soni biz kutgandan ancha yuqori bo‘ldi. Shu tariqa bir million qorako‘zni bir nuqtaga jamlamoqchi bo‘lgan loyiha oldiga yana ham katta maqsadlar qo‘yishni boshladi.

ibrat farzanlari, rustam qoriyev, xorijiy tillar

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Onlayn darslardan so‘ng, Namanganda prezidentga loyiha taqdimoti qilib berildi. Shundan so‘ng, bu loyiha yana ham kengayishi kerakligi, butun respublikadagi yoshlarini qamrab olishi ustida bosh qotirish boshlandi.

Shu tarzda “Ibrat Academy” ilovasi yaratildi. Endi o‘zbek tilida xorijiy tillarni o‘rganish mumkin — avvallari, ilovalar orqali xorijiy tilni o‘rganmoqchi bo‘lsangiz albatta ikkinchi chet tilini bilishingiz kerak bo‘lgan.

2023-yil oxirlarida “Ibrat farzandlari” loyihasi NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va hozirgi kunga keliib, u o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Loyihani 90% odam biladi, 40% odam foydalanadi

Birinchidan, loyihaning ommalashishiga xalq nazari sabab bo‘ldi. Agar biror joyda yaxshi taom qilinadigan bo‘lsa, siz uning ta’rifini borib boshqa odamga aytasiz, ingliz tilida buni “word of mouth” deyishadi.

“Ibrat farzandlari” orqali 40−50 yoshdan yuqori bo‘lgan til o‘rganuvchilar borligi quvonarli. Ular farzandlari, nabiralariga xorijiy tillarni o‘qitish uchun ham uni o‘rganishga harakat qilishmoqda. Bu orqali loyiha butun oilani qamrab olyapti. Shu tariqa oiladan mahallaga, mahalladan butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.

Ilk marotaba oromgoh tarzida amalga oshirilgan “Ibrat farzandlari” hozirda viloyatlarga borib o‘quvchilari bilan ochiq muloqot, debatlar o‘tkazib bormoqda. Mana shu omillar loyihaning ommalashishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, loyiha ustida butun boshli jamoa, marketing ish olib borgan.

Bugungi kunda “Ibrat farzandlari” loyihasida 100 nafardan ortiq, ofisda esa 30−40 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning oylik maoshi esa o‘rtacha 5 mln so‘mdan boshlandi.

ibrat farzanlari, rustam qoriyev, xorijiy tillar

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Shu o‘rinda aytib o‘tishim joizki, xizmat safari davomida bir narsaga guvoh bo‘ldim — 90% odam “Ibrat farzandlari” haqida eshitgan, lekin 40%igina undan foydalanadi, xolos. Nimaga? degan savol tug‘iladi — biz mana shuning ustida ishlashimiz kerak. Balki, insonda qancha sharoit yaxshi bo‘lsa shuncha noshukrlik ko‘p bo‘lar… Bizning davrda bunday imkoniyatlar mavjud bo‘lmagan.

O‘quvchilarning platformadan foydalanmayotgani ularning, qaysidir viloyatlarga loyihani yetkazib bera olmayotganimiz bizning aybimiz. Internet bilan bog‘liq muammolar mavjud hududlarga loyihani yetkazishda bizga yoshlar yetakchilari, “Ibrat farzandlari” o‘qituvchilari viloyatlar bo‘ylab o‘quvchilar bilan muloqot qilishlari, marafonlar yordam beradi.

Kelgusidagi rejalar va maslahatlar

Rejalar. “Ibrat farzandlari"ning maktab, bog‘chalarini ham ochib, katta ekosistema qilmoqchimiz. Bundan tashqari sun’iy intellekt ustida ishlayapmiz. Loyiha boshlamoqchi bo‘lganlar birinchi navbatda ustoz ko‘rib, o‘ziga sarmoya kiritishi kerak.

Maslahatlar. Kasb, til o‘rganing. Deylik, $5000 miqdorida mablag‘ingiz bor. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchisiz-u, lekin biznesdan xabardor emasiz. Bu vaziyatda biznesga qo‘ygan pullaringiz qaytib kelish ehtimoli kam, sababi, “risk” yuqori.

“CertTesol”, “Celta” singari xalqaro sertifikatlar bor. Aynan shu sertifikatlarni olsangiz oyiga kamida $1000 topa olasiz, bu degani besh oyda o‘zingizga kiritgan sarmoyani qoplab olishingiz mumkin.

Har kuni o‘zingiz qo‘ygan maqsad uchun bir qadam qo‘ying. Yoshlarning eng katta xatosi — ko‘p o‘ylaydi — o‘qishga kirmasdan turib shartnoma asosida kirsa pulini qayerdan topishi singari. 10ta narsa haqida o‘yladingizmi, salbiy va ijobiy tomonlarini o‘rganib, bittasini boshlang. Agar siz vaqtni kesmasangiz u sizni kesadi.