Janubiy Koreyaning bir nechta kompaniyalari Qoraqalpog‘istonda turli sohalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 25−28-noyabr kunlari Koreyada o‘tkazilgan “Koreya-Markaziy Osiyo” birinchi mintaqalararo forumida ishtirok etdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Janubiy Koreyaning “TYM” qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi prezidenti Kim Do Xun bilan uchrashdi. Tomonlar mamlakatda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy mutaxassislar va texnik xodimlarni tayyorlash bo‘yicha servis tarmog‘ini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
“Acryl” IT-kompaniyasi rahbari Pak Ve Chin bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda IT-sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida IT-markazlarini barpo etishga kelishib olindi.
Koreya axborot texnologiyalari farovonligini oshirish agentligi bilan ham IT-sohasini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘istonning o‘rta maktablariga zamonaviy kompyuterlar berildi.
“People & Dream Co., Ltd.” kompaniyasi bilan mehnat migratsiyasi sohasida yaqin munosabatlarni o‘rnatish va monomarkazlar tashkil etish, xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni kasbga yo‘naltirish va xorijiy tillarga o‘qitish yuzasidan fikr almashildi.
“KIDL Co., Ltd” bilan “Shamchiroq To‘rtko‘l” korxonasi o‘rtasida Qoraqalpog‘iston tumanlarida kompaniya texnologiyalari asosida yangi issiqxonalar tashkil etish va uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha $62 mlnlik kelishuv imzolandi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan “Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish Orolbo‘yi mintaqasi uchun yashil tiklanish” loyihasini amalga oshirish muhokama qilindi. Tomonlar tabiiy ofatga chidamli vositalar, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida fikr almashdi.
Yashil iqlim fondining (“Green Climat Fund”) Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va O‘rta Sharq hududlari masalalari bo‘yicha direktori Tomas Erikson bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish uchun grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Koreya Eksim bankining EDCF fondi, Sukmyung ayollar universiteti (Sookmyung Women’s University), “Hyundai” tadqiqot instituti bilan xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha “Ayollar o‘quv markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirishga kelishildi.
Loyihaning umumiy qiymati $38 mlnni tashkil etib, qurilish uchun Nukus shahri hududidan yer maydoni ajratiladi. Loyiha ishga tushirilgandan keyin xotin-qizlarni o‘qitish hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish rejalashtirilgan.
Xususan, ular kasbga o‘qitilib, tadbirkorlik faoliyati jamoatchilik uchun joriy etiladi. Tomonlar belgilangan rejalar asosida loyiha-qurilish ishlarini tez fursatda boshlashga kelishdilar.
Avvalroq o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasiga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etilib, malakali mutaxassislar tayyorlanadi.