Shveysariya federal prokuraturasi “Lombard Odier” xususiy banki va uning sobiq xodimlaridan birini jiddiy jinoyatlarda aybladi. Bu haqda “RBC” nashri Shveysariya Bosh prokuraturasiga tayanib xabar berdi.
Ayblov xulosasida prokurorlar mamlakatning eng nufuzli moliyaviy institutlaridan biri “Lombard Odier” O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning gumon qilinayotgan jinoiy faoliyatini yillar davomida yashirishda “hal qiluvchi rol” o‘ynagani aytiladi.
Bank bilan birgalikda uning sobiq mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejeriga ayblov qo‘yildi — taxminlarga ko‘ra, ular 2005-yildan 2012-yilgacha Karimovaning pullarini yuvish bo‘yicha jinoiy sxemada ishtirok etgan.
Bank va uning sobiq xodimiga qarshi tergov 2016-yil oxiridan buyon olib borilmoqda, hozirda ayblanuvchilarga ayblov e’lon qilingan.
“2008-yildan 2012-yilgacha „Lombard Odier“ xususiy mijozlar bo‘limida ishlagan sobiq mijozlar bilan ishlash menejeri og‘irlashtiruvchi holatlarda pul yuvishda ayblanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ayblanayotgan xodim “Lombard Odier"ga ishga kirishidan avval ham Karimova va “The Office"dagi boshqa bir necha shaxslar bilan tanish bo‘lgan.
U bankda kompaniya uchun pul yuvishga mo‘ljallangan to‘qqizta hisob raqam ochgan, bu hisobvaraqlarda benefitsiar egalarining ma’lumotlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan, chunki yagona egasi Karimova bo‘lgan.
Bankda ishlayotgan paytda, xodim “The Office"ning jinoiy faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida turli qonunbuzarliklarni amalga oshirgan — masalan, hisobvaraqlardagi mablag‘larning kelib chiqish manbalarini aniqlashga to‘sqinlik qilgan.
Prokurorlar da’vosiga ko‘ra, Gulnora Karimova O‘zbekiston hukumatining daromadli shartnomalarini nazorat qilib, milliardlab dollarlarni o‘zlashtirgan va tovlamachilik qilgan.
Karimovaning o‘ziga 2023-yil sentabrida ayblov e’lon qilingan bo‘lib, u aybini tan olmagan. Shveysariya prokuraturasining ma’lum qilishicha, “The Office” tashkiloti hech qanday tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmagan, xodimlari bo‘lmagan va u faqatgina jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni o‘tkazishda qonuniy himoyani ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Yuvib olingan mablag‘lar, xususan, O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi korrupsion harakatlar natijasida qo‘lga kiritilgan.
“Lombard Odier muhokama qilinayotgan to‘qqizta bank hisobini ochish va yuritishda pul yuvish bilan bog‘liq standartlarga va o‘zining ichki qoidalariga rioya qilmagan,” — deya ta’kidlaydi prokuratura. Shu sababli ayblanayotgan xodimning qonunbuzarliklarini aniqlash imkoni bo‘lmagan.
“Ayblovlar asossiz va puchdir, bank tomonidan qat’iy rad etilmoqda,” — deya “Reuters” nashri “Lombard Odier” bayonotini keltiradi. Bank ma’lum qilishicha, tashkilot butun tergov davomida hokimiyat organlari bilan to‘liq hamkorlik qilgan.
Avvalroq “Spot” Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaga tegishli uylar musodara qilingani haqida yozgandi.
Britaniya Oliy sudi Firibgarlikka qarshi kurash byurosining Karimovaga tegishli 20 mln funt sterlingdan ortiq mulklarni musodara qilish bo‘yicha da’vosini qanoatlantirgan.