Joriy yilning o‘n oyida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $12,6 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34%ga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalariga oid qisqacha sharhida keltirilgan.
Oktabr oyida mehnat muhojirlari mamlakatga $1,36 mlrd jo‘natgan, bu esa 2023-yilgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda 28,3%ga ko‘pdir. Barcha o‘tkazmalarning 78%i ($9,8 mlrd) 35% o‘sish bilan Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qolgan transfertlar Qozog‘iston ($699 mln), AQSh ($470 mln, +37%), Janubiy Koreya ($458 mln, +71%), Turkiya ($331 mln), Buyuk Britaniya ($109 mln, +76%) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
Xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishini Markaziy bank “mehnat migrantlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqining oshishi hamda rivojlangan davlatlarga mehnat migratsiyasi oqimining ko‘payishi” bilan izohladi.
Rossiyada migrantlar faoliyatining asosiy sohalarida taklif qilinayotgan o‘rtacha ish haqi 38%ga oshgan. Jumladan, qurilishda 55%ga, yetkazib berishda 48%, taksi va restoran xizmatlarida 46% hamda yuk tashishda 14%ga ko‘paygan.
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar, asosan, rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishlash uchun yuborilgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning $7 mlrdi an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari (o‘sish -19%) orqali, $4,9 mlrdi aholi bank kartalargia p2p o‘tkazmalari orqali (+52%), $650 mlni SWIFT bank o‘tkazmalari (2,4 baravar o‘sish) orqali amalga oshirilgan.
Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistondan xorijga jo‘natilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,3 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, p2p o‘tkazmalarining jami hajmdagi ulushi 4 foiz punktga oshib, 39%ni tashkil qilgan.
To‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalarining sezilarli o‘sishi transchegaraviy to‘lov tizimlari infratuzilmasining rivojlanishi va bu xizmatlarning krng ommalashuvi bilan izholanadi. Xususan, yanvar-oktabr oylarida p2p tranzaksiyalari soni 46%ga — 59 mlntaga oshdi.
Avvalroq Markaziy bank pul o‘tkazmalari hajmi yiliga 10−15%ga oshishini prognoz qilayotgani haqida xabar berilgandi.