Endi o‘zbekistonliklar Xitoyda 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan bitim imzolandi.
Hujjat har ikki mamlakat fuqarolariga har bir tomonga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beradi.
“Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir”, — deya yozadi vazir.
2023-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralarda turli sohalar qatorida turizmda ham hamkorlikni faollashtirish zarurligi ta’kidlangandi.
Muzokaralar yakunida 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi.
O‘sha yilning sentabrida tomonlar yuk tashuvchi haydovchilarga vizalarni yengillashtirilgan tartibda berishni ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lum qilingandi.