Yaqinda “Apple” foydalanuvchilari kompaniya rasmiy veb-saytida, magnit zaryadlangan “Belkin BoostCharge Pro” poverbank sahifasida qurilmada xavfli moddalar mavjudligi haqida ogohlantirish joylashtirilganini aniqladilar.

Qayd etilishicha, kompaniya mahsulotlari tarkibida onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar mavjud. Bu haqda kompaniyaning o‘zi ma’lum qildi.

Bu yerda gap plastikni qattiq qilish uchun ishlatiladigan kimyoviy modda — bisfenol A (BPA) haqida bormoqda.

Ma’lumki, u inson organizmini gormonal fonning buzilishiga olib keladi va reproduktiv tizim bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, Belkin zaryadlash qurilmasini sotish hali ham taqiqlanmagan.

Plastik mahsulotlar ishlab chiqarishda BPA qo‘llanilishi sababli ushbu materialdan tayyorlangan ayfon g‘iloflari ham xaridorlarda xavotir uyg‘ota boshladi.

BPAning xavflilik muammosini uning bisfenol S (BPS) va bisfenol F (BPF) kabi tijorat o‘rinbosarlari ham hal qila olmadi, chunki ular ham xuddi shunday zaharli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

“Bu bisfenollardan foydalanish inson va hayvonlar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli to‘xtatilishi kerak”, — dedi Elche shahridagi Migel Ernandes universiteti professori Xose Vilyalin.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Siri"ning yangi versiyasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.

Yangilangan ovozli yordamchi kompaniya qurilmalari bilan muloqotni yanada tabiiy va samarali qilishga yordam beradi.