Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda metropoliten ochildi, deya xabar berdi “Al-Arabiya.”
Metropolitenning birinchi bosqichi davomida oltita liniyadan uchtasi ochildi. Birinchisi (38 km) shimoldan janubga, ikkinchisi (29 km) markazdan Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportga, uchinchisi (30 km) esa shimol va shimoli-sharqiy tumanlarni bog‘laydi.
O‘tgan haftada Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz ibn Abdurahmon Ol Saud metroning ochilish marosimini o‘tkazdi. Loyiha valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ko‘magida shahzoda nazorat qiladigan “Vision 2030” strategiyasi maqsadlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
15 dekabr kuni g‘arbdan sharqqa yo‘nalgan to‘rtinchi (25 km) va shahar markazidan o‘tgan beshinchi (13 km) yo‘nalish ochilishi kutilmoqda. 2025-yil 5-yanvarga mo‘ljallangan uchinchi bosqichda Ar-Riyodning g‘arbidan sharqiga o‘tuvchi oltinchi liniya (41 km) ishga tushiriladi.
Oltita metro yo‘nalishida Germaniyaning “Siemens,” Kanadaning “Bombardier” va Fransiyaning “Alstom” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 190ta poyezd harakatlanadi.
“Al-Arabiyi” ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoq oltita to‘liq avtomatlashtirilgan metro liniyalari, 85ta stansiya va 176 kilometr yangi yo‘llarni o‘z ichiga oladi.
Metroning ishga tushirilishi so‘nggi yillarda jadal qurilish, aholi soni va sayyohlar oqimi o‘sishi fonida tirbandlik bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan Ar-Riyodning transport muammolarini hal qilishga yordam beradi.
Ar-Riyod shahri bo‘yicha Qirollik komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, kuniga 3,6 mln yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan metro Ar-Riyoddagi tirbandlikni 30%ga qisqartirishi kerak.
Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistonida dunyodagi eng katta kubik bino qurilishi boshlangani haqida yozgandi.
Balandligi 400 metr bo‘lgan binoning qurilishi 2030-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.