Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida mamlakat uchun ochiladigan imkoniyatlarni ko‘rish kerakligini ta’kidladi. U bu haqda 29-noyabr kuni “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida o‘tkazilgan yoshlar tadbirkorligi yo‘nalishidagi ochiq muloqotda qayd etdi.
“JSTga qo‘shilish natijasida chetdan sifatli va arzon mahsulotlar kirib kelsa, mahalliy tadbirkorlar „sinib ketadi“ degan prognozlar qanchalik o‘rinli?” degan savolga tadbirkor “bu noo‘rin qo‘rquv deya” javob berdi.
“Masalan, tashkilotga a’zo davlat — AQShga yangi rahbar — Tramp kelyapti. U Meksika bilan Kanadaga bojni 25%ga, Xitoyga 10%ga oshirmoqchi. Bu esa JST qoidalariga ziddir. Ya’ni, bitta rahbar almashishi bilan savdo tashkiloti qonun-qoidalarini o‘zgartirishning imkoni yo‘q. Buni nima uchun qilyapti? Bu orqali Amerika bozorini qaysidir mahsulotlardan himoya qilmoqchi. Ya’ni, JStga kirdik, degani butun ishlab chiqaruvchilarni himoyasiz qoldirish, davlat o‘zining ishlab chiqarish strategiyasiga ega korxonalarini og‘ir ahvolga tashlab qo‘yadi, degani emas. <...> Qo‘rqish asossiz”, — dedi tadbirkor.
Ortiqxo‘jayev O‘zbekistondagi ko‘pgina korxonalar JSTning har qanday talablariga javob bera oladigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligini ta’kidladi. “Katta bir zarar yoki qo‘rqinchli hodisa yuz beradi deb o‘ylamayman”, dedi u.
Shuningdek, tadbirkor tashkilotga qo‘shilish mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga ham yetkazib berish, qulay tarzda olib kirishga yordam berishini ta’kidladi.
“Biz importdan emas, bizga ochilayotgan boshqa davlatlarga xursand bo‘lishimiz kerak. Ya’ni, bizning mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga ham sotish imkoniyatlarimiz ko‘payadi. Tanganing ikkinchi tomoni bor. Hamma biz yutqazamiz, deb o‘ylashi mumkin, lekin yutadigan joylarimiz ham ko‘p. <...> Va faqat sifat oshadi, xalqqa va davlatga foyda keltiradi”, — deya xulosa qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Avvalroq prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Xitoy bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgandi. Natijada mamlakat O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagan 22-davlat bo‘ldi.
JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.
Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi. Azizbek Urunov tashkilotga a’zolik 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etdi.
Noyabr oyida O‘zbekiston AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunlashi natijasida Qo‘shma Shtatlar mamlakatni qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.
Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi JSTga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etgandi.