Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni betalafot o‘tkazishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar javobgarlikka tortildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, iste’molchilarga yoqilg‘i-energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, ularni tejash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida hukumatning tegishli farmoyishi qabul qilinib, hududlardagi bir qator mas’ullarga intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Xususan, elektr va gazni iqtisod qilish bo‘yicha belgilangan rejaga amal qilmagani, energiya resurslaridan foydalanishda limitdan oshishiga yo‘l qo‘ygani hamda nazoratni ta’minlamagani uchun quyidagi tumanlar hokimlariga “hayfsan” berildi:
- Oqoltin tumani hokimi Komiljon Ernazarov;
- Mirzaobod tumani hokimi Orif Raxmonqulov;
- Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov;
- Bekobod tumani hokimi Shuhrat Do‘sbekov;
- Zangiota tumani hokimi Erkin Rustamov;
- Toshkent tumani hokimi Sardor Ergashev;
- Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev;
- Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov;
- Bog‘dod tumani hokimi G‘anixon Soliyev;
- Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev;
- So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Saidmusayev;
- Furqat tumani hokimi Elyor Asronqulov.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ygani uchun quyidagilarga “hayfsan” e’lon qilindi:
- Qoraqalpog‘iston suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyor Juzbayev;
- Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Komilov;
- Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev;
- Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Boburbek Sultanbekov;
- Andijon tumani hokimi Bobirbek Yuldashev;
- Beruniy tumani hokimi Ikrom Xidirov.
Bundan tashqari, hududlarda aholiga ko‘mir tarqatishni kechiktirish, sifatsiz ko‘mir tarqatish kabi holatlar juda ko‘p kuzatilgani hamda bu holatlarni zarur darajada nazoratga olmagani uchun “O‘zbekko‘mir” bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yoqubov oxirgi marta ogohlantirildi.
Farmoyish bilan tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatilgan shahar hamda tumanlar sektor rahbarlari faoliyatiga baho berib, ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish hamda natijalari to‘g‘risida bir kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish topshirildi.
Noyabr oyida qish mavsumida iste’molchilarga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish hisob-kitob qilingani haqida ma’lum qilingandi. Davlat rahbari mutasaddilarga ishni tuman va mahallalar miqyosida tashkil etib, energiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni joyida hal qilish, talab va iste’molni muvofiqlashtirib, uzilishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida noyabr oyida sovuq tufayli gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini, havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan holatlar uchun harakat rejasi ishlab chiqilganini qayd etdi.