Toshkent shahrining bir qator tumanlarida energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar olib borilmoqda.
30-noyabr kuni Mirobod tumanida prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari hamda tuman prokurori Bobur Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik va iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Natijada, markaziy ko‘chalar va savdo obyektlarida elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash holatlari aniqlanib, tadbirkorlarga energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berildi.
Xususan, kunduz kuni chiroq va reklama vositalarida elektr energiyasidan asossiz foydalangan yuridik iste’molchilarga nisbatan 10ta ma’muriy bayonnoma tuzilib, 22,2 kVt energoresurslar tejalishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, tushuntirishlar natijasida 30ga yaqin iste’molchilar tomonidan kamchiliklar joyida bartaraf etilib, elektr energiyasi behuda sarflanishiga chek qo‘yildi. Hokimlik reyd tadbirlari davom etishini bildirgan.
1-dekabr kuni Yakkasaroy tumanida ham tuman hokimligi, prokuratura hamda tegishli idoralar ishtirokida maxsus ishchi guruh tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Unda tumanning markaziy ko‘chalarida kunduz vaqtida chiroqlar yoki reklama vositalari orqali elektr energiyasidan asossiz foydalangan ayrim yuridik iste’molchilar aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
“Hurmatli Yakkasaroy tumani aholisi va tadbirkorlari! Sizlarni elektr energiyasidan tejamli va oqilona foydalanishga chaqiramiz. Reyd tadbirlari davom etayotganini ma’lum qilib, barchani resurslarni ehtiyot qilishga mas’uliyat bilan yondashishni so‘rab qolamiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, “O‘zbekiston 24” telekanalida Bosh prokuratura va “O‘zenergoinspeksiya” boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Chilonzor tumanida o‘tkazilgan reyd haqida lavha e’lon qilindi.
Xususan, Muqimiy ko‘chasida joylashgan savdo majmuasida tekshiruv o‘tkazilib, qonunbuzarlarga nisbatan bayonnomalar tuzildi.
“Asosiy e’tibor kunning yorug‘ qismida elektr enegriyasini tejash ishlari ko‘rildi. Ulardan samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. Ularni rasmiylashtirishdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar esa elektr tarmog‘idan ajratildi”, — deydi Chilonzor tumani prokurori katta yordamchisi Jahongir Jabborov.
Yunusobod tumanida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari o‘rganilib, “qish mavsumida elektr energiyasidan oqilona foydalanish bo‘yicha” aholiga zarur tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, Yunusobod dehqon bozori hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida ham reyd tadbirlari o‘tkazildi. Kunning yorug‘ vaqtida elektr energiyasidan foydalanilgani uchun bir necha tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi.
2023-yilning dekabrida “O‘zenergoinspeksiya” O‘zbekistonda elektr energiyasini behuda sarflashga qarshi xuddi shunday reydlarni o‘tkazgandi. Qoidabuzarlarga BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,85−5,55 mln so‘m) jarima solish bilan ogohlantirish berilgandi.
Joriy yilning avgust oyida prezident “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Unda energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Xususan, elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz foydalanish, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz yoritish uchun jarima miqdori elektr energiyasi narxining 50%ini tashkil etadi.
Noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov havo sovushi tufayli gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan holatlar uchun harakat rejasi ishlab chiqilgan.
Avvalroq qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishdagi sustkashliklar, shuningdek, rejaga amal qilmagani va talon-torojga yo‘l qo‘ygani uchun bir qator rahbarlarga “hayfsan” berilgandi.